Joriy yilning 23 oktyabr kuni “Kun.uz” internet nashrida yoritilgan “Hamma pul “Obod qishloq”qa yo`naltirilgan”. Qibraydagi mahalla ahliga berilgan va`da nega bajarilmadi?” sarlavhali tanqidiy maqola elon qilingan edi.
Unda Qibray tumani, Chinobod QFY, Bo`ston mahallasining “Subhidam” ko`chasidagi qator muammolar, xususan elektr energiyasining kam kuchlanishligi yoritilgandi. Ushbu holat “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan o`rganilib quyidagilarni ma`lum qiladi.
“Subhidam” ko`chasida yashovchi aholining elektr energiyasi kuchlanishini oshirish maqsadida quvvati 160 kVA bo`lgan transformator qo`shimcha o`rnatilmoqda. Bundan tashqari, past va yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlariga uzunligi 800 metr bo`lgan zamonaviy maxsus himoyalangan elektr simlari (SIP kabellari) tortilmoqda va ularga qo`shimcha 3 ta fider qurilmoqda. Shuningdek, jismonan eskirgan simyog`ochlar o`rniga 10 ta temir beton tayanch ustunlarini olib borilib, o`rnatish ishlari boshlab yuborildi. Qolaversa, hududda elektr tarmoqlariga tegib turgan daraxt shohlaridan tozalash va cho`zilib qolgan elektr tarmoqlarini sozlash ishlari ham olib borilmoqda.
Bo`ston mahallasining “Subhidam” ko`chasi aholisining elektr ta`minoti bilan bog`liq olib borilayotgan ishlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan nazoratga olingan.
Eslatib o`tamiz, ayni vaqtda elektr energiyasi ta`minoti bilan bog`liq holatlar yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ishga tushirilgan Call-Markazining 11-54 raqami yoki Telegram’dagi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan muloqot” kanali (👉 @hetmuloqot, @HET_admin) orqali ham o`z murojaatlaringizni yo`llashingiz mumkin.






