AsosiyJamiyat

Yurtimizdagi uchta viloyat maktab ta`lim sifati bo`yicha "antirekord" o`rnatdi

'Yurtimizdagi uchta viloyat maktab ta`lim sifati bo`yicha "antirekord" o`rnatdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining navbatdagi kengaytirilgan hay`at yig`ilishida ta`lim sifatini belgilovchi asosiy ko`rsatkichlardan biri bo`lgan umumta`lim maktabi bitiruvchilarining oliy ta`lim muassasalariga kirishi bo`yicha qilingan tahlil va ko`rilgan chora-tadbirlar natijadorligi hamda kelgusidagi vazifalar muhokama etildi.

Tahlillarga ko`ra, 282 ming 794 bitiruvchidan 34 ming 837 nafari yoki 12,3 foizi oliy o`quv yurtiga qabul qilingan. Ularning 25 ming 280 nafari yoki 73 foizi mamlakatimizdagi davlat oliy ta`lim muassasalariga, 2 ming 794 nafari (8 foizi) O`zbekistondagi xorijiy oliy o`quv yurtlariga, 6 ming 793 nafari chet eldagi xorijiy oliy o`quv yurtlariga o`qishga kirgan. Shuningdek, bitiruvchilarning 6 ming 958 nafari (28 foizi) davlat granti asosida, 27 ming 879 nafari (72 foizi) to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilingan.

Bitiruvchilarning oliy o`quv yurtiga kirish natijalari hududlar kesimida tahlil qilinganda, birinchi uchtalikda Toshkent shahri – 36 foiz, Navoiy viloyati – 21,9 foiz, Buxoro viloyati – 18,4 foiz o`rin egalladi. So`nggi o`rinlarda Qashqadaryo, Jizzax, Andijon viloyatlari turibdi.

Birorta ham bitiruvchisi oliy o`quv yurtiga kirmagan maktablar soni ham tahlil qilindi. Bu borada “o`ziga xos rekord o`rnatgan” hududlar ro`yxatiga Qashqadaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlari kirdi. Nisbatan yaxshi natijalar Toshkent shahri, Buxoro, Xorazm viloyatlarida ekani ma`lum bo`ldi.

Hay`at majlisida oliy o`quv yurtiga kirishda eng yaxshi natija ko`rsatgan viloyat, tuman (shahar) va maktab rahbarlari rag`batlantirildi. Aksincha, o`z vazifasiga mas`uliyatsizlik bilan yondashgan, ta`lim sifatini oshirishda mavjud imkoniyatlardan foydalanmagan, tashabbus ko`rsatmagan viloyat, tuman (shahar) xalq ta`limi bo`limi mudiri va maktab rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar qo`llash haqida qaror qabul qilindi.

Yig`ilishda hududiy xalq ta`limi boshqarmalari, tuman xalq ta`limi bo`limi mudirlari va maktab rahbarlariga ta`lim sifatini oshirish bo`yicha 10 ta ustuvor vazifani belgilab olish va ularni amalga oshirish bo`yicha topshiriq berildi.

Yaxshi natija ko`rsatgan ta`lim muassasalari direktorlari rag`batlantirilib borilishi, yomon natija ko`rsatadigan maktab rahbarlari jazolanishi ta`kidlandi.

Yomon natija ko`rsatgan tuman va viloyat xalq ta`limi bo`limi hamda boshqarmalar rahbarlariga intizomiy chora ko`rildi. Natijasi past bo`lgan maktab direktorlariga ham qonunchilik doirasida intizomiy chora ko`rish vazifasi berildi.

    Boshqa yangiliklar