“Adenoid kasalligi haqida ma`lumot bersangiz. Katta yoshda ham bu kasallik uchrashi mumkinmi? Uning asoratlari onkologik kasallikka olib kelmaydimi?
Muharram, Navoiy viloyati
Quloq, tomoq, burun sohasi shifokori Rajabbibi Xo`jaeva javob berdi:
— Adenoidlar — bu burun-halqum yo`li limfoid to`qimasi murtaklarining yallig`lanish natijasida kattalashishi. Ko`pincha 12 yoshgacha bolalarda uchraydi. Ammo ba`zida kattalarda ham kuzatiladi. Tez-tez shamollash, nafas olish va eshitish qiyinlashishi, xurrak otish, bosh og`riqlari va boshqalar bu kasallikning alomatlari hisoblanadi.
Kasallik asosan tomirlarni toraytiruvchi tomchi dorilar, burun bo`shlig`ini yuvish, bakteriyalarga va allergiyaga qarshi terapiya hamda immunitetni ko`taruvchi vositalar yordamida davolanadi.
Ayrim hollarda, ya`ni dori-darmonlar yordam bermaganda burundagi adenoidlar jarrohlik amaliyoti yordamida olib tashlanishi mumkin. Bu kasallik, agar adenoid deb to`g`ri tashxis qo`yilgan bo`lsa u saratonga aylanmaydi.