AsosiyJamiyat

Tibbiyot muassasalari hududida noqonuniy qurilish va faoliyat tashkil qilish taqiqlanadi

'Tibbiyot muassasalari hududida noqonuniy qurilish va faoliyat tashkil qilish taqiqlanadi'ning rasmi

Samarqand viloyati Bulung`ur tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli “Navbahor” qishloq vrachlik punkti hududining 0,10 er maydonida hammom va savdo majmuasini qurish uchun fuqaro Z.Aliboevga er ajratish bo`yicha Sog`liqni saqlash vazirligining roziligisiz 2018 yilda Bulung`ur tuman hokimining qarori qabul qilingan. 

Ushbu holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi Qurilish va moddiy texnik ta`minotni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig`i Akmal Norbekov quyidagicha izoh berdi:

— O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Bulung`ur tumani hokimining qarori ustidan protest keltirilib, Bulung`ur tumani hokimining qarori bekor qilingan. Buning natijasida qurilishi boshlangan binolarni buzish ishlari amalga oshirilmoqda. Shunday ekan, davlat tibbiyot muassasalari  xududidan noqonuniy  ravishda  foydalanish, bino va inshootlarni buzish yoki qurish hamda davlat mulki ob`ektlaridan noqonuniy foydalanish qat`iy taqiqlanganligini unutmasligimiz kerak.

Shuningdek, 2017 yilda Surxondaryo viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanseri hududidagi 300 kvadrat metrdan iborat er maydonini “Shifokor Valijon Surxon” xususiy korxonasiga ajratish bo`yicha Termiz shahar hokimining qarori qabul qilingan.Ushbu er maydonining tadbirkorga berilishi va mahalliy hokimlik balansiga olinishi bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 fevraldagi 54-son qarori talabiga zid ravishda Sog`liqni saqlash vazirligining rozilik xati olinmagan. Mazkur holat bo`yicha Surxondaryo viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanseri er maydonini qaytarish maqsadida Termiz shahar hokimining qarori ustidan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga protest keltirilib, Termiz shahar hokimining qarori bekor qilingan hamda noqonuniy qurilishi boshlangan binolarni buzish ishlari amalga oshirilgan.

Xulosa o`rnida aytganda, davlat tibbiyot muassasalari hududida tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan qonun hujjatlariga asosan, Sog`liqni saqlash vazirligining ruxsati olingan holda faoliyat amalga oshirilsa maqsadga muvofiq bo`ladi. 

Ma`lumot o`rnida:

Mamlakatimizda har qanday davlat tibbiyot muassasasi hududida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish amaldagi qonun va qonunosti hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 oktyabrdagi 279-sonli  “Davlat mulki ob`ektlarini xususiylashtirish tartibi to`g`risidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi”gi qaroriga asosan balansda saqlovchi va mahalliy davlat hokimiyati organining birinchi rahbari tomonidan imzolanadigan hamda muhr bilan tasdiqlanadigan xulosasini taqdim etish tartibi joriy etilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning 2018 yil 7 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorining 11-bandida Sog`liqni saqlash vazirining roziligisiz davlat tibbiyot  muassasalarining er uchastkalari va ko`chmas mulklari begonalashtirilishi taqiqlanganligi belgilangan.

Tadbirkorlar  ushbu masala bilan bog`liq barcha savollariga vazirlikning (71) 239-44-81 telefon raqami orqali javob olishlari mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar