1

Shifokorning "Stavka"si qancha? (Feleton)

Mutolaa 25.10.2019, 17:07
Teglar: feleton, stavka, shifokor
Shifokorning "Stavka"si qancha? (Feleton)

Doktor Ochko`zboev huzuriga hamshirani chorlab dedi:

- Operasiyaga hamma narsa taxtmi?

- Bemorni olib chiqaversak bo`ladi.

- Operasiya xonasidagi tayyorgarlikni so`rayotganim yo`q. Bemor tayyormi, deyapman.

- Tushunmadim... – dedi hamshira.

 - Hay, nimaga tushunmaysiz? Shuncha yil qaerda ishlagansiz o`zi? Buncha go`l bo`lmasangiz?! Bemor shifoxonada yotsa-yu, doktorning “stavka”sini bilmasa, bu nima degan gap. Har safar ukol qilganingizda shipshitib qo`ymaysizmi?

- Men “stavka”larni qanchaga o`zgarganini bilmayman, – dedi hamshira. – O`tgan operasiyada doktor To`ymasov “stavka”larni oshirish kerak, degan edi.

- Hali mening “stavkam”niyam bilmassiz, - dedi Ochko`zboev.

- Yo`q, doktor.

- Rahmat-ey, qo`lingizga qog`oz ruchka oling. O`zim “stavka”larni belgilab beraman. Xo`sh, operasiya qiluvchi doktorga bir million so`m. Innan keyin, “narkozchi”ga besh yuz ming so`m, qon quyuvchiga uch yuz. Yozayapsizmi? Yana adashib ketmang!

– Ha, doktor yozayapman.

– Katta hamshiraga yuz ming. Xo`sh, endi kim qoldi?

–Bizlar qoldik, – dedi hamshira.

–Sizlardek kichik hamshiralarga sakson ming.

–Doktor, iltimos, – dedi qo`lida ruchkasini o`ynatib kichik hamshira, – menikiniyam katta hamshiraga tenglashtiravering.

–Mayli, sazangiz o`lmasin. Yuz ming so`m, deb yoza qoling. Xo`sh, yana kim qoldi?

–Farrosh qoldi.

–Esdan chiqib qolayotgan ekan. Yigirma ming yozib qo`ya qoling. Mana shu yozganlaringizning stolingizning biror joyiga yashirib qo`ying! Esingizdan chiqqanida qarab-qarab qo`yasiz. Bugundan boshlab yangi “stavka”larni operasiya qilinuvchi bemorlarga asta shipshiting.

Bir pasdan keyin operasiya qilinuvchi bemor Ochko`zboev huzuriga kirib dedi:

–Doktor, hamshiraga operasiyani to`xtatib turamiz, debsiz. Yana “stavka”lar deydimiey, tushunmadim. Doktor o`zingiz dangal aytib qo`yaqoling!

– O`zingizdan qolar gap yo`q, - dedi Ochko`zboev. - Nima desam ekan, endi hamma joyda doktorga qo`l haqi...

- Ha, endi tushundim, – dedi bemor. – Ayting, men tayyorman.

Doktor Ochko`zboev hamshiraga yozdirgan “stavka”larni eslatdi.

–Shunaqa deng, – dedi bemor. – Mening ham sizga atagan eng zo`r “stavkam” bor.

–So`raganimdan ham ziyod bermoqchimisiz, –dedi Ochko`zboev. –Qancha bermoqchisiz?

– Besh yil.

–Nima deysiz? Qaerdansiz? Kimsiz o`zi?

–Men tegishli joydan Ushladiboevman. Sizni ancha vaqtdan beri ushlay olmay yurgandik. Qani ketdik.

–Qaerga?

– Tegishli joyga. O`rgildim sizdaqa “stavka”chidan.

Bardi JUMANIYoZOV.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1