Fransiyaning “Bo Travail” kinokompaniyasi vakillari O`zbekistonning sayyohlik salohiyati bilan tanishish maqsadida yurtimizga keldi. Maqsad “Echappees Belles” (Go`zal yurish) teledasturining navbatdagi sonida O`zbekistondagi shaharlar haqida reportajlar tayyorlash bo`lib, kelgusida keladigan sayyohlar oqimini yanada ko`paytirish ko`zda tutilgan.
Qayd etish joizki, 2005 yilda tashkil etilgan ushbu kinokompaniya frasuz hujjatli filmlari bilan bir qatorda tarixiy, ilmiy, ijtimoiy va turizm loyihalarini yaratishga ixtisoslashgan. Ular tayyorlagan ko`rsatuvlar har haftaning shanba kuni Fransiyaning etakchi “Fransiya 5” telekanalida namoyish etiladi.
– “Echappees Belles” (Go`zal yurish) teledasturi bu ijodkorlarning 2006 yildan buyon namoyish etilayotgan eng mashhur o`quv dasturi hisoblanadi, –deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi vakili Sherzod Sultonov. – U keng auditoriyaga mo`ljallangan bo`lib, taxminan 1,5 million tomoshabinga, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda 500 mingga yaqin obunachiga ega. Tayyorlangan ko`rsatuvlar youtubeda 32,4 million marta ko`rilgan.
Xorijiy delegasiya vakillari Toshkent, Samarqand, Nurota, Buxoro, Xiva, Nukus va Mo`ynoq kabi hududlarning o`ziga xos madaniyati, tabiati va mahalliy aholining turmush tarzi bilan tanishadi. Shu asosda suratga olish ishlari olib boriladi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi va O`zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan televizion tasvirga olish jarayoni ikki bosqichda bo`lib o`tadi. Tayyorlanadigan ko`rsatuv “Fransiya 5” telekanalida 2020 yilning 2 may kuni kechki dasturlarda namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi Matbuot xizmati






