AsosiyJamiyat

O`qituvchilarning oylik maoshi faqat Toshkentda ko`tariladimi?

'O`qituvchilarning oylik maoshi faqat Toshkentda ko`tariladimi?'ning rasmi

Internet nashrlarda «O`qituvchilarning oylik maoshi faqat Toshkentda ko`tariladi» ma`nosidagi ma`lumotlar e`lon qilindi. 

Xalq ta`limi vaziriligi tomonidan mazkur ma`lumotlar bo`yicha quyidagi aniqliklar kiritiladi.

Xalq ta`limi muassasalarida ta`lim sifatini oshirish bo`yicha “Toshkent tajribasi”ni joriy etishga oid Hukumat qarori loyihasi muhokama uchun regulation.gov.uz sahifasiga qo`yildi.

Qaror loyihasi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida joriy yilning 23 avgust kuni o`tkazilgan yig`ilishda ta`lim sifatini oshirish, xususan, poytaxt - Toshkent tajribasini respublikamizning boshqa hududlarida ommalashtirish yuzasidan berilgan vazifalarni amalga oshirish uchun ishlab chiqildi.

Qaror loyihasining 15-bandida shunday deyilgan:

Toshkent shahar hokimligi Moliya vazirligi va Xalq ta`limi vazirligi bilan birgalikda 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab, mahalliy byudjet mablag`lari hisobidan Toshkent shahridagi umumiy o`rta ta`lim muassasalari xodimlari bazaviy tarif stavkalarini

ikkinchi toifali o`qituvchi uchun 1,1 baravar;

birinchi toifali o`qituvchi uchun 1,25 baravar;

oliy toifali o`qituvchi uchun 1,5 baravar miqdorlarida qo`shimcha rag`batlantirish oylik ustamalarini to`lash tartibi joriy etilsin.

Birinchidan, «O`qituvchilarning oylik maoshi faqat Toshkentda ko`tariladi» deb ta`kidlash noto`g`ri. Ayni paytda bu taklif bo`lib, muhokama davomida modda o`zgarishi mumkin.

Ikkinchidan, taklifda Toshkent shahridagi o`qituvchilarning bazaviy stavkasi yangi miqdorlarini moliyalash mahalliy byudjet hisobidan amalga oshirishni taklif etilmoqda. Ya`ni, moliyalash davlat byudjeti hisobidan emas.

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida joriy yilning 23 avgust kuni o`tkazilgan yig`ilishda Vazirlar Mahkamasi, Moliya va Xalq ta`limi vazirliklariga 2020 yilda xalq ta`limi xodimlari oylik ish haqini oshirish yuzasidan ko`rsatmalar berilgan.

    Boshqa yangiliklar