AsosiyJamiyat

Sherzod Shermatov birorta ham o`quvchisi OTMga kirmagan maktablarni tanqid ostiga oldi

'Sherzod Shermatov birorta ham o`quvchisi OTMga kirmagan maktablarni tanqid ostiga oldi'ning rasmi

Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov bitiruvchilarning birortasi ham Oliy ta`lim muassasasiga kirmagan maktablarni tanqid ostiga oldi. Bu haqda u o`zining Feysbukdagi sahifasi orqali shunday yozadi:

“Bitiruvchilarining birontasi ham Oliy ta`lim muassasasiga o`qishga kirmagan maktab rahbariyati faoliyatiga tanqidiy baho beriladi va ushbu maktablar keyingi yil birinchi bo`lib attestasiya va akkreditasiyadan o`tadi.

O`tgan hafta Surxondaryo viloyatida yurganimizda Jarqo`rg`on tumanidagi umumiy 61 ta maktabdan davlat granti asosida 61 nafar o`quvchi OTMga kirgan bo`lsa, birgina 15-maktabning 25 nafar bitiruvchisi shular jumlasidandir.

Shuningdek 61 ta maktabdan 8 tasida bitiruvchilarining birontasi OTMga kirmagan. Ushbu tumandagi 15-maktab va bu 8 ta maktab davlatdan bir xil mablag` oladi. Lekin 15-maktabda 25 nafar bitiruvchi davlat granti asosida, umumiy esa 138 nafardandan 38 nafar bitiruvchi OTMga kirgan. Tumandan umumiy 225 nafar kirgan OTMga.

Bironta ham bitiruvchisi OTMga kirmagan maktablarning rahbariyati va pedagogik jamoasi esa o`z vijdonlari oldida o`zlariga savol berishlari kerak qanchalik ularga yuklatilgan vazifalarni insof bilan bajarayotganlari haqida.

Tumandagi ahvol, bolalarning oilaviy sharoiti, umumiy respublikadagi boshqa muammolar yuqoridagi maktablarga deyarli bir xil ta`sir ko`rsatadi, ammo bittasi shunday yaxshi natija ko`rsatmoqda, sakkiztasi esa umuman natija ko`rsatmagan…

Respublikamizning boshqa hududlaridan bitiruvchilarining barchasi (100%) OTMga kirgan maktablar ham talaygina, lekin bironta bitiruvchisi OTMga kirmaganlari undan ancha ko`p.

Shuning uchun aynan ushbu masalani Vazirlik Hay`ati yig`ilishida muhokama qilib, qaysi maktabdan bironta ham bitiruvchisi OTMga kirmagan bo`lsa, ularning rahbarlari faoliyatiga tanqidiy baho berish va kelgusi yilga Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan rejalashtirilayotgan yangi tartibdagi attestasiya va akkreditasiyani aynan o`sha maktablarda o`tkazib, ularning ta`lim sifatini oshirishga harakat qilish zarurligi belgilab berildi.

Kelgusi yilda umuman bitiruvchilari OTMlarga kirmagan maktablar qolmasligi chorasini ko`rish bo`yicha tuman bo`limlari va viloyat boshqarmalariga ham vazifa sifatida belgilab berildi.

Bu yilgi 11-sinf o`quvchilarining kelgusi yilda muvaffaqiyatga erishishlari uchun maktablar rahbarlari va pedagogik jamoalari o`zlarining barcha kuchlarini safarbar etishlari zarur.

Yaxshi natijalarga erishgan maktablar tajribasini o`rganish ular uchun juda foydali bo`ladi.”

Vazir yaxshi natija ko`rsatgan maktablar qanday ishlarni amalga oshirganligini ham sanab o`tgan:

1) O`quvchilarni OTMga kirishga motivasiya qilganlar;

2) 2-3 yil avvaldan o`quvchining qaysi OTM yo`nalishiga moyilligi borligini aniqlashga harakat qilganlar va maqsadli ravishda tayyorgarlik ko`rganlar;

3) Har oyda yoki har 45 kunda OTMga topshiradigan fanlari bo`yicha ichki imtihon/test o`tkazib bolalarning tayyorgarlik holatini baholab turganlar. Ba`zilari o`z imkoniyatlaridan kelib chiqib DTM bilan shartnoma ham qilib bunday testlarni tashkil qilganlar;

4) Hujjat topshirganda 3 ta OTMni tanlaganda kirish qiyin bo`lgan OTMlardan tashqari, bitta kirish osonroq bo`lgan OTMni ham tanlaganlar.

5) Eng ko`p dars soatlarini aynan yuqori natija ko`rsatgan malakali o`qituvchilarga ajratganlar, ulardan ortsagina boshqa o`qituvchilarga. Ya`ni yuqori malakali o`qituvchilarning bilim va tajribalaridan kengroq foydalanish bilan birga ularga eng yuqori oylik va moddiy rag`batlantirish berish choralarini ko`rganlar.

Maktablar Kuzatuv kengashlaridan ham ushbu vazifalarni joylarda qanday ijro etilayotganligini alohida nazoratga olishlarini iltimos qilamiz.

Kelgusi yilgi maktab bitiruvchilarining soni bu yilgidan 2 barobar ko`p bo`lishini inobatga olsak, bu bizning soha vakillariga 2 barobar ko`p mas`uliyatni yuklashini o`ylashimiz kerak”, — deydi Sh. Shermatov.

 

    Boshqa yangiliklar