AsosiyJamiyat

A.Avloniy nomidagi Xalq ta`limi akademiyasi tashkil etiladi

'A.Avloniy nomidagi Xalq ta`limi akademiyasi tashkil etiladi'ning rasmi

 

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Prezidentning “Xalq ta`limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi to`g`risida”gi qarori loyihasi e`lon qilindi.

Qaror loyihasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari negizida Pedagogik mahorat institutlari tashkil etiladi.

Xalq ta`limi sohasida fundamental, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, soha xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo`yicha o`quv va metodik ishlarni hamda soha mutaxassislarining oliy ta`limdan keyingi ta`limini yanada takomillashtirish maqsadida A.Avloniy nomidagi Xalq ta`limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti negizida A.Avloniy nomidagi Xalq ta`limi akademiyasi tashkil etiladi.

Akademiyada “Ta`lim sohasi menejmenti” va “Kattalar ta`limi” (“Androgogika”) mutaxassisliklari bo`yicha amaliyotchi pedagoglar tarkibidan yuqori malakali ta`lim sohasi menejerlari hamda mutaxassislarini tayyorlaydigan 1 yillik magistratura faoliyati yo`lga qo`yiladi.

Akademiya va Pedagogik mahorat institutlari rahbarlari, professor-o`qituvchilari va boshqa xodimlariga oliy ta`lim muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to`lash miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi. Bunda, bir nafar o`qituvchi hisobiga to`g`ri keladigan tinglovchilar nisbatining cheklangan normativlari oliy ta`lim muassasalari uchun belgilangan bir nafar o`qituvchi hisobiga talabalar soni nisbatining cheklangan normativlaridan 25 foiz past etib belgilanadi.

Qaror loyihasiga ko`ra, an`anaviy malaka oshirish bilan bir qatorda kasbiy o`quvlarning masofaviy (Moodle, E-learning, Web-based training) va uyg`unlashgan (blended-learning) kabi samarali shakllarini, shuningdek, xalq ta`limi xodimlari malakasini oshirishning belgilangan davriylikka rioya qilingan holda, tajriba tariqasida, xodimlarni har yili o`qishga jalb qilishni nazarda tutuvchi kredit-modul mexanizmi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Shuningdek, qaror loyihasida tajriba tariqasida, pedagog kadrlarning har yili tashkil qilinadigan qisqa muddatli malaka oshirish kurslari va undan keyingi davrda fanlar bo`yicha tayanch maktablarida ishdan ajralmagan holda o`tkaziladigan (on-the-job training) doimiy o`quvlardan iborat uzluksiz kasbiy rivojlantirish hamda xalq ta`limi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi faoliyatini tashkil qilish va har bir xodimning o`z individual traektoriyalari bo`yicha malaka oshirishi jarayonlarini monitoring qiluvchi yagona ma`lumotlar bazasiga asoslangan elektron platformani yaratish va amaliyotga joriy etiladi.

    Boshqa yangiliklar