AsosiyJamiyat

TDIU bitiruvchilari Evropada tan olinadigan diplomga ega bo`ladilar

'TDIU bitiruvchilari Evropada tan olinadigan diplomga ega bo`ladilar'ning rasmi

2018/2019 o`quv yilidan boshlab Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan xalqaro qo`shma ta`lim dasturi asosida mutaxassislar tayyorlash faoliyatini yo`lga qo`ygan edi.

Bugungi kunda ikki tomonlama diplom beruvchi mazkur dastur asosida 200 nafarga yaqin talabalar tahsil olishyapti. Endilikda mazkur xalqaro qo`shma ta`lim dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga Evropada tan olinadigan diplom beriladi.

Avstriya ta`lim sifatini ta`minlan va akkreditasiya qilish bo`yicha agentlik Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Krems amaliy fanlar universitetining qo`shma ta`lim dasturini akkreditasiyadan o`tkazdi. Shu munosabat bilan ikki oliy ta`lim muassasalari rasmiylari o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi.

— Sizga rasman ma`lum qilamanki, Avstriya ta`lim sifatini ta`minlash va akkreditasiya qilish bo`yicha davlat agentligi Krems amaliy fanlar universiteti bilan qo`shma ta`lim dasturini amalga oshirish uchun Akkreditasiyani Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga berishga qaror qildi va shu munosabat bilan akkreditasiyani tasdiqlovchi rasmiy hujjat berdi, - dedi IMC Krems bosh ijrochi direktori Karl Ennsfelner.

Ma`lumot uchun, 2018/2019 o`quv yilidan boshlab qo`shma o`quv dasturi asosida talabalar “Eksportga ixtisoslashtirilgan menejment”, “Turizm va dam olish menejmenti” yo`nalishlarida bakalavriat bosqichida tahsil olyapti.  

Hamkorlikning navbatdagi bosqichida talabalar magistraturada “Xalqaro biznes va eksportni boshqarish”, “Raqamli biznes innovasiyasi va transformasiya” mutaxassisliklari bo`yicha tahsil olishi mumkin bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar