AsosiyJamiyat

Tortinchoq boladan birinchi raqamli terrorchiga aylangan IShID etakchisi Abu Bakr al-Bag`dodiy hayotiga nazar

'Tortinchoq boladan birinchi raqamli terrorchiga aylangan IShID etakchisi Abu Bakr al-Bag`dodiy hayotiga nazar'ning rasmi

 IShID terrorchilik guruhi etakchisi Abu Bakr al-Bag`dodiy Amerika harbiylari tomonidan 27 oktyabrga o`tar kechasi Suriyada o`tkazilgan maxsus operasiya vaqtida «xudkush kamari»ni portlatib, 48 yoshida halok bo`ldi. Eng ko`p qidirilgan terrorchi tonnel ichida harbiylardan yashirinishga urinib, AQSh prezidenti Donald Trampning ta`riflashicha, «itdek o`lim topdi, qo`rqoqlarcha o`ldi». The New York Times gazetasi tortinchoq va yuvosh o`smirdan o`nlab mamlakatlarda o`n minglab tarafdorlar to`plashga muvaffaq bo`lgan terrorchilik tashkiloti etakchisiga bo`lgan yo`lni bosib o`tgan al-Bag`dodiyning hayot yo`lini hikoya qildi. «Daryo» nashri, Meduza’ga tayanib, maqolani qisqacha qayta bayon qilgan.

Ko`proq Abu Bakr al-Bag`dodiy nomi bilan tanilgan Ibrohim Avvad Ibrohim Ali al-Badriy 1971 yili Iroq markazidagi al-Jallam qishlog`ida tug`ilgan. Otasi qo`y sotish bilan kun kechirgan konservativ musulmon edi. Oilada Ibrohimdan tashqari yana besh farzand voyaga etgan. Qo`shnilar bu oilani «oddiy», qishloqning o`zini esa o`rtamiyona deya ta`riflaydi.

Lekin bir muhim jihat bor edi: bu joylarda asosan al-Badriy urug`i vakillari yashar, ular o`z kelib chiqishini qurayshiylarga bog`lardi — Muhammad (s.a.v.) payg`ambar ham shu qabilaning Bani Hoshim urug`idan bo`lgan. IShID etakchisi 2014 yili jahon xalifaligi tashkil etilganini e`lon qilganida xuddi shu jihatga urg`u bergan, bundan faol foydalangan.

IShIDning bo`lajak etakchisi masjidda dars berib, sport maydonchasida vahhobiylikni targ`ib qilgan

Ibrohim boshlang`ich maktabga qatnay boshlaganida uning oilasi qo`shni Samarra shahrida yashardi. The New York Times’ning yozishicha, u o`rtamiyona o`quvchi bo`lgan: yuqori sinflarda faqat san`atdan a`lo baho olgan (100 dan 95 ball), algebra kabi qolgan fanlardan esa bilimi taxminan 50 ballga baholangan. Do`stlari, sinfdoshlari, o`qituvchilari va qo`shnilarining aytishicha, al-Bag`dodiy bolaligida «tortinchoq», «odamovi» va «yuvosh» bo`lgan (jurnalistlar al-Bag`dodiyni tanigan va bilgan jami 17 kishi bilan suhbatlashgan).

Al-Bag`dodiy bolaligida otasi uni masjidga bergan va u Qur`onni yod olishga kirishgan. Bu borada u ancha ilg`or chiqqan: yuqori sinflarda o`qiyotganida masjidga tashrif buyuruvchilar imom o`rniga al-Bag`dodiy duo o`qishini so`rashardi. Ayni vaqtda uning e`tiqod masalasiga konservativ yondashuvi ham ko`zga tashlana boshlagan: xususan, u boshqa o`quvchilarga dakki berar va hatto bir safar masjidda chekmoqchi bo`lgan o`z o`qituvchisiga ham tanbeh bergandi.

1991 yili, 20 yoshida u Bag`dod universitetiga o`qishga kirgan, bakalavr diplomini olgach islom tadqiqotiga ixtisoslashgan Saddam universitetida tahsilni davom ettirgan. O`qish pulini to`lash uchun u Bag`doddagi masjidda dars bergan, bu erda o`quvchilari uni «shayx Ibrohim» deb chaqirgan. O`sha vaqtda u bilan muloqotda bo`lgan insonlar uni kamgap va og`ir-vazmin odam deb ta`riflaydi. 2000 yillar boshida masjidda tahsil olgan Ahmad Rajabning so`zlariga ko`ra, al-Bag`dodiy g`iybatdan yiroq, ko`p gapirmaydigan odam edi. IShIDning bo`lajak etakchisi dam olish kunlari o`smirlar futbol jamoasiga murabbiylik qilib, ashaddiy qadimchi oqim — vahhobiylikni targ`ib qiluvchi broshyuralarni sportchilarga tarqatardi.

Al-Bag`dodiy 2004 yili qo`lga olingan, u qamoqda maxfiy «amir»ga aylanib, oradan 11 oy o`tib ozodlikka chiqqan

2003 yili, AQSh Iroqqa bostirib kirgach, al-Bag`dodiy o`quvchilariga uyga qaytib ketishini aytgan. 2004 yili amerikalik harbiylar uni Iroqning Faluja shahri yaqinida, qarindoshining uyida (The Guardian ma`lumotlariga ko`ra, do`stining uyida) qo`lga olgan. Harbiylarning asosiy nishonida al-Bag`dodiyning amerikaliklarga hujum qilishda gumonlanayotgan qarindoshi bo`lgan. Al-Bag`dodiy esa shunchaki hodisa joyida boshqa gumonlanuvchilar bilan birga qo`lga olingan. U keyingi 11 oyni Amerikaning Iroqdagi Kemp-Bukka lagerida o`tkazgan, shundan so`ng, The New York Times’ning Pentagon qaydnomalariga asoslanib yozishicha, qo`yib yuborilgan.

Ayrim ekspertlarning fikricha, al-Bag`dodiyning qarashlari aynan hibsdalik vaqtida radikallashgan, biroq, u bilan birga qamoqda bo`lgan odamlarning aytishicha, u Kemp-Bukka begunoh inson sifatida emas, balki aynan jinoyatga qo`l urganidan so`ng olib kelingan. Avvalroq The New York Times’ning Pentagondagi manbasi al-Bag`dodiy qo`lga olingan vaqtida «ko`cha bezorisi» bo`lganini aytgan edi. Sobiq mahbuslardan birining so`zlariga ko`ra, u vaqtlarda al-Bag`dodiyni «Abu Duo» deb chaqirishgan. Mahbusning qo`shimcha qilishicha, mahbuslar yotgan har bir chodirda maxfiy «amirlar» saylangan — Abu Duo esa shunday amirlarning biri bo`lgan. U boshqa sunniylar ko`magida avvaliga o`z chodiridan shialarni haydab solgan, so`ng tamaki chekkan, namozni vaqtida o`qimagan yoki soqoli kalta mazhabdoshlariga tahdid qilishni boshlagan. Bundan tashqari, u lagerda mahkumlar o`rtasidagi bahsli vaziyatlarda qozilik ham qilgan. 2004 yil oxirida u ozodlikka chiqqan, boisi AQSh rasmiylari amerikalik amaldorlarga uyushtirilgan hujumlarga uning aloqasi borligini isbotlay olmagan.

Ozod etilganidan bir yil o`tib, al-Bag`dodiy sunniylarning turli qurolli guruhlarini o`zida birlashtirgan «Iroq mujohidlari maslahat majlisi»ga qo`shilgan va Iroq markazidagi isyonchilarning etakchisiga aylangan. 2010 yil may oyida esa u Abu Bakr al-Bag`dodiy nomi bilan isyonchilik harakatiga bosh bo`lgan. Keyingi uch yil davomida Iroq hukumat kuchlari uni qo`lga tushirish uchun kamida olti marta uringan, biroq al-Bag`dodiy har safar qutulib qolishga muvaffaq bo`lgan.

Al-Bag`dodiyga bo`ysunuvchi terrorchilar 2012 yil o`rtalarida Suriyaga ham ko`chib o`tgan. 2013 yil o`rtalariga kelib Iroqdagi isyonkor guruhlar «Islom davlati» terrorchilik tashkilotiga birlashgan, oradan bir yil o`tib, 2014 yil iyun oyida terrorchilar Iroqning kattaligi bo`yicha ikkinchi shahri — Mosulni, shuningdek, mamlakatning Suriya bilan chegaradosh katta qismini bosib olgan.

IShID etakchisi jahondagi eng ko`p qidirilayotgan jinoyatchi edi, uning boshi uchun 25 million dollar va`da qilingandi

Vaqt o`tishi bilan al-Bag`dodiy ancha ehtiyotkor, badgumon bir insonga aylana bordi va xavfsizlik haqida ko`proq qayg`ura boshladi. Ma`lumotlarga ko`ra, u o`n yilcha avval boshqa isyonchilar bilan aloqani shaxsan o`zi yuborgan choparlar orqali ta`minlashni ma`qul ko`rib, telefondan foydalanishni to`xtatgan. IShID etakchisining yuzi yashirilmagan ilk videosi 2014 yil iyulida paydo bo`lgan. Videoda al-Bag`dodiy Mosuldagi masjid minbariga chiqib, xalifalik o`rnatilganini e`lon qilgan. U o`zini xalifa deb, ya`ni butunjahon musulmonlar davlati va ummasi rahbari deb ovoza qilgan. IShID tarafdorlarining fikricha, xalifalikning o`rnatilishi butun dunyo musulmonlarining xalifaga bo`ysunishini ham ko`zda tutmog`i lozim edi.

IShID etakchisi jahondagi eng ko`p qidirilayotgan shaxs edi: uning joylashuvi haqidagi ma`lumot uchun 25 million dollar miqdorida mukofot puli va`da qilingan, jahonning ko`plab mamlakatlari maxsus xizmatlari uning izini olishga urinib kelayotgan edi. Shunga qaramay, u IShIDning jinoiy faoliyatini nafaqat boshqarishda, balki bu harakatlarda faol qatnashishda ham davom etdi.

Xususan, The New York Times’ning yozishicha, al-Bag`dodiy g`ayridin hisoblangan ayollarni zo`rlashlarda qatnashgan. Xalifalik e`lon qilinganidan bir necha hafta o`tib, IShID jangarilari yazidlar qishlog`ida ayollar va qizlarni o`g`irlab kelib, Suriyaning Raqqa shahrida sotuvga qo`ygan. Mahbuslarni ko`rish uchun eng birinchi bo`lib al-Bag`dodiy kelgan edi, deya xotirlaydi 15 yashar bir yazidiy qiz. So`ng uni va al-Bag`dodiy tanlagan boshqa ayollarni u uydan bu uyga tashishgan, IShID etakchisi esa ularni birma-bir zo`rlab chiqqan. Asir tushgan ayollarning bari al-Bag`dodiy o`zining zo`ravonlik xatti-harakatlaridan lazzat olganini aytgan.

2014 yil avgustida, 15 yashar qizni al-Bag`dodiyning oldiga olib borishganida, u o`zining zo`rlanishini kutgan. Buning o`rniga esa terrorchilar hukmdori qiz va boshqa asiralarga jangarilar amerikalik jurnalist Jeyms Folini qanday o`ldirgani aks etgan videoni qo`yib bergan. «U bizga: ‘Biz bu erkakni bugun o`ldirdik’, dedi. U bizning lol qotib qolgan holatimiz ustidan kuldi», — deydi qiz.

Xalifalik e`lon qilinganidan so`ng, IShID Suriya va Iroqda ancha katta hududlarni bosib oldi. Faoliyatining cho`qqisiga chiqqan davrda terrorchilar maydoni Buyuk Britaniyaga teng hududni nazorat qilib turgandi, biroq 2019 yil martiga kelib harbiylar terrorchilardan ular egallab olgan barcha erlarni qaytarib olishga muvaffaq bo`ldi. 2014—2015 yillar davomida IShID tarafdorlari jahonning 29 mamlakatida, jumladan, AQSh va Evropada 140 dan ortiq teraktlarni amalga oshirdi. Hujumlar vaqtida 2 mingdan ortiq odam halok bo`ldi. 2016—2019 yillar davomida esa IShID, taxminlarga ko`ra, 1100 ga yaqin terakt uyushtirdi, ushbu hujumlar oqibatida AQSh, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Afrika, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarida 15 ming kishi qurbon bo`ldi.

So`nggi yillarda al-Bag`dodiy xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirdi: eng ishongan odamlari bilan uchrashuvlarga ham mehmonlarni ko`zlari bog`liq holda olib kelishar, ular al-Bag`dodiy binoni tark etganidan keyin yana bir necha soat tashqariga chiqa olmay o`tirardi. Iroq Qurolli Kuchlari birlashgan qo`mondonligi rasmiy vakili Yahyo Rasulning fikricha, al-Bag`dodiy xiyonatdan qo`rqqani uchun ham hech kimga ishonmagan. AQSh prezidenti Donald Tramp IShID etakchisi yo`q qilinganini e`lon qilgach, Reuters agentligi al-Bag`dodiy jangarilar bilan uchrashgan joylar haqidagi axborot uning yaqin hammaslaklaridan biri Ismoil al-Etaviy tomonidan taqdim etilgani haqida xabar berdi. The New York Times’ning qayd etishicha, 2019 yil yozida al-Bag`dodiyning xotinlaridan biri qo`lga olinib, so`roq qilingani ham uning qaerdaligini topishga yordam bergan.

 IShID etakchisi Abu Bakr al-Bag`dodiy qanday yo`q qilindi?

Abu Bakr al-Bag`dodiy o`ldirilgani haqida OAVda bundan avval ham bir necha bor xabarlar tarqalgan, biroq ularning hech biri tasdiqlangan emas. Masalan, Rossiya Mudofaa vazirligi hozir ham AQSh harbiylari IShID etakchisining o`limiga sabab bo`lgan maxsus operasiyani o`tkazganiga shubha qilmoqda. IShIDning o`zi ham etakchisining halok bo`lgani haqidagi xabarlarni tasdiqlaganicha yo`q.

    Boshqa yangiliklar