sud.uz saytida berilgan ushbu maqolaga "Darakchi" ham befarq bo`lmadi.
Bugungi kunda O`zbekistonda fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga oliy qadriyat sifatida qaralmoqda. Bu sudlarning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Keyingi yillarda sudlarning odil sudlovni amalga oshirishdagi xolisligi va mustaqilligi kafolatlari huquqiy jihatdan mustahkamlandi.
Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, odil sudlovni amalga oshirish jarayonlarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko`tardi. Natijada yurtimizda chinakam sud mustaqilligini ta`minlash sari dadil qadamlar qo`yilmoqdi.
Shu o`rinda bir hayotiy misolga e`tibor qaratsak: Anvarjon Xalilov (ism-shariflar o`zgartirilgan) Andijon viloyatida tug`ilgan, ma`lumoti oliy, «Farg`ona» aeroporti direktori lavozimida ishlagan. 2002 yilda jinoyat ishlari bo`yicha Davlatobod tuman sudining hukmiga ko`ra, u Jinoyat kodeksining 206-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlari bilan aybdor deb topilgan va 1 yil rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan. Faqat 1997 yil 3 dekabrdagi amnistiya aktiga asosan asosiy jazodan ozod qilingan.
Shu o`rinda haqli savol tug`iladi: xo`sh, A. Xalilov qanday jinoiy qilmishni sodir etgan edi? U haqiqatan ham, aybdor edimi?!
Davlatobod tuman sudining hukmiga ko`ra, A. Xalilov «Farg`ona» aeroportining direktori lavozimida ishlab kelib, «O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasi tomonidan belgilangan tarif stavkalari bo`yicha aeroportda normadan ortiq turib qolgan har bir samolyot uchun undagi yuk qiymatining 25 foizi miqdorida to`lov undirish lozim bo`lsa-da, «Muntazam yo`nalishdagi, buyurtma va xalqaro yo`nalishdagi havo kemalariga ko`rsatilgan erdagi xizmatlar bahosi to`g`risida»gi tarif stavkalariga amal qilmasdan, ularga o`zgartirish kiritgan.
Shu tariqa belgilanganidan 7 327 168 so`m kam haq undirilishiga yo`l qo`ygan. Oqibatda «O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasi manfaatlariga jiddiy ziyon etkazganlikda aybdor deb topilgan.
O`sha paytda A. Xalilovning sud hukmidan norozi bo`lib yozgan shikoyatlari biron-bir natija bermadi, u adolatni qaror toptirish maqsadida, turli idoralarga murojaat qilib, charchadi.
Mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi kuchga kirgani va sud-huquq tizimida boshlangan ijobiy o`zgarishlargina unga o`zining haq ekanini isbotlashi uchun imkon yaratdi. A. Xalilov O`zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat arizasi bilan murojaat qildi.
Oliy sudning Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati tomonidan A. Xalilovga tegishli jinoyat ishi atroflicha o`rganib chiqildi. Uning shikoyati qanoatlantirildi va ushbu jinoyat ishi apellyasiya instansiyasida ko`rish uchun yuborildi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan viloyat sudi apellyasiya instansiyasida A. Xalilov aybsizligi haqida vajlar keltirib, o`ziga nisbatan oqlov ajrimi chiqarishni so`radi.
Apellyasiya instansiyasi sud majlisida fuqaroviy da`vogar vakili M. Burnashev «Farg`ona» xalqaro aeroportida bosh huquqshunos vazifasida faoliyat yuritib kelishi, A. Xalilov ishlagan davrdagi hujjatlarni batafsil o`rgangani, 1994-1997 yillarda aeroport o`z ko`rsatkichlarini zarar bilan yakunlamagani aniqlangani, shu bois A. Xalilovga nisbatan hech qanday da`vosi yo`q ekanini bildirdi.
Birinchi instansiya sudida, shuningdek, guvoh A. Salohiddinov Farg`ona viloyat nazorat-taftish boshqarmasida faoliyat yuritishi, aeroportning 1994-1996 yillardagi faoliyati bo`yicha taftish o`tkazgani, A. Xalilov ishlagan davrda 7 327 168 so`m kam haq olingani, ammo bu olinmagan to`lovlar buxgalteriya hisobotlarida zarar bo`lib ko`rinmasligi, aeroportga moddiy zarar etkazilmagani haqida ko`rsatma berdi.
Shuningdek, apellyasiya instansiyasi sud majlisida «O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasi Bosh direktorining 1996 yil 31 maydagi 238-sonli buyrug`iga asosan, har bir aeroport rahbariga xizmat ko`rsatish haqida mustaqil shartnomalar tuzish huquqi berilganiga e`tibor qaratildi. Xususan, Farg`ona viloyat moliya boshqarmasi nomiga 1996 yil 24 dekabrda yuborilgan xatda «Farg`ona» aeroportiga to`xtash joyi uchun xizmat narxlarini mustaqil ravishda belgilashga ruxsat berilgani, «O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasining 1994-1997 yillarda «Farg`ona» aeroporti o`z faoliyatini foyda bilan yakunlagani jinoyat ishida mavjud hujjatlar asosida tasdiqlandi.
Bundan tashqari «O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasi tomonidan 1998 yil 24 iyulda sudga taqdim etgan ma`lumotnomada A. Xalilov tomonidan «Farg`ona» aeroportiga moddiy zarar etkazilmagani qayd etilgan.
Ish hujjatlari va sudda aniqlangan holatlarga ko`ra, sudlanuvchi A. Xalilov mansab vakolatlari doirasidan chetga chiqib, «O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasi manfaatlariga jiddiy ziyon etkazganini isbotlovchi dalillar to`planmagan va bunday dalillarni to`plash imkoni bo`lmagan.
Shu o`rinda qonun talabiga e`tibor qaratsak, Jinoyat prosessual kodeksning 83-moddasi 2-bandida sudlanuvchi, uning qilmishida jinoyat tarkibi bo`lmasa, aybsiz deb topilishi va reabilitasiya etilishi lozimligi belgilangan.
Shuningdek, Oliy sud Plenumining 2018 yil 4 avgustdagi «Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellyasiya va kassasiya tartibida ko`rish amaliyoti to`g`risida»gi qarori 34-bandida berilgan tushuntirishlarga ko`ra, apellyasiya instansiyasi sudi ayblov hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqarishga haqlidir.
Yuqorida qayd etilgan asoslarga ko`ra, apellyasiya instansiyasi A. Xalilovning harakatida mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyatining tarkibi yo`qligi sababli uni aybsiz deb topdi. Jinoyat-prosessual kodeksning 83-moddasi 2-bandiga asosan A. Xalilovni reabilitasiya qildi va jinoyat ishini tugatdi.
O`z navbatida, oqlangan A. Xalilovga o`ziga etkazilgan mulkiy va ma`naviy ziyon oqibatlarini bartaraf qilish yuzasidan sudga murojaat etish huquqiga ega ekanligi tushuntirildi.
Oqlanish — bu chinakam quvonch, yuzi yorug`lik. A. Xalilov ham ko`p yillardan buyon elkasidan bosib turgan og`ir yukdan xalos bo`ldi, oilasi, yaqinlari, mahalla-ko`y oldida yuzi yorug` bo`ldi.
Dilfuza Ahmadalieva,
jinoyat ishlari bo`yicha
Namangan viloyati sudining sudyasi






