Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi hamda «Uzbekistan Airports» AJ tomonidan xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilishga doir faol ish olib borilmoqda.
Ta`kidlash joizki, Turkiya aviatashuvchisi vakillarining 8 oy davomida o`z echimini kutayotgan masalasi O`zbekiston va xorij davlatlari shaharlari o`rtasidagi aviatashuvlarni oshirish yo`lida ko`rilgan choralar hamda O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda «Uzbekistan Airports» AJ sa`y-harakatlari bilan hal bo`ldi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida masala ijobiy hal bo`ldi hamda Turkiyaning «Atlasglobal Airlines» aviakompaniyasiga parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsat berildi. Ma`lumot uchun: «Atlasglobal» (2015 yilgacha «Atlasjet Havacılık A.Ş» deya yuritilgan) — Turkiyaning Evropa va Osiyo, shuningdek mamlakat ichida muntazam va charter yo`lovchi aviatashuvlarini amalga oshiruvchi aviakompaniyasi. «ETS Group»ga tegishli ushbu aviakompaniya Istanbuldagi yangi aeroportda joylashgan bo`lib, Dalamanda qo`shimcha xabga ega.
Mavjud ma`lumotlarga ko`ra, Turkiya aviakompaniyasi jurnalist, bloger, turistik firmalar rahbarlari va xodimlari, shuningdek din arboblari va olimlarni jalb qilgan holda ikki charter reysni amalga oshirish rejalashtirilgan, deya xabar beradi Turizm qo`mitasi.
«Atlasglobal» O`zbekistonning «Grand Atlas Discovery» kompaniyasi ko`magida 31 oktyabr – 4 noyabrda Istanbul-Buxoro va Samarqand-Istanbul yo`nalishidagi birinchi charter reysini amalga oshiradi. «IATA summer 2020» yoz mavsumidan boshlab esa «Atlasglobal Airlines» aviakompaniyasi tomonidan ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida 50 aviareysni amalga oshirish rejalashtirilgan, buning natijasida esa O`zbekistonga 10 mingdan ziyod sayyohning tashrifi kutilmoqda.






