AsosiyJamiyat

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisi to`g`risida axborot

Toshkent shahrida 12 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisi bo`lib o`tdi. Parlament quyi palatasining birinchi majlisini qonunga muvofiq Markaziy saylov komissiyasining raisi M.Abdusalomov ochdi, deya xabar bermoqda O`zA. 
Majlisda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so`zladi.
Yig`ilishda mamlakatimiz hukumati a`zolari, markaziy idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Deputatlar majlisning kun tartibini tasdiqladi.
Markaziy saylov komissiyasining raisi Qonunchilik palatasiga bo`lib o`tgan saylov yakunlari to`g`risida axborot berdi. Bunda O`zbekistonda parlament saylovi sifat jihatidan yangi ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy sharoitlarda, ochiqlik, oshkoralik va transparentlik kabi demokratik prinsiplar asosida, qonun hujjatlarining talablariga, umume`tirof etilgan xalqaro me`yorlar va standartlarga to`la muvofiq tarzda o`tkazilganligi alohida ta`kidlandi.
Saylov kampaniyasi davomida siyosiy partiyalarga tashviqot olib borish, o`z saylovoldi dasturlarining qoidalarini ommaviy axborot vositalari orqali aholi keng qatlamlariga etkazish uchun teng sharoitlar yaratildi. Qonunchilikka muvofiq mamlakatimiz fuqarolari o`z xohish-irodasini erkin bildirishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Saylovga tayyorgarlik ko`rish va saylov jarayonini yuzlab xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar kuzatib bordi.
Umuman olganda, bo`lib o`tgan saylovlar fuqarolarning faolligi, siyosiy va huquqiy etukligi o`sganligini yorqin namoyon etdi. Saylov O`zbekiston xalqining demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, aholi farovonligi va Vatan ravnaqini oshirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo`lidagi hamjihatligining ko`zgusi bo`ldi.
Qonunchilik palatasiga siyosiy partiyalardan va O`zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlarning ta`sis yig`ilishlari bo`lib o`tib, mazkur yig`ilishlarda, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O`zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O`zbekiston «Adolat» sosial-demokratik partiyasi fraksiyalari, shuningdek, O`zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi shakllantirildi, ularning rahbarlari saylandi. Majlis chog`ida palata a`zolari siyosiy partiyalar fraksiyalarini va Ekologik harakatdan saylangan deputatlar guruhini ro`yxatdan o`tkazish to`g`risida qaror qabul qildi.
«O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to`g`risida»gi qonunga muvofiq, shuningdek, siyosiy partiyalar fraksiyalari va Ekologik harakatdan saylangan deputatlar guruhining taklifiga ko`ra quyi palata a`zolari O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri va uning o`rinbosarlari lavozimlariga nomzodlar ko`rsatish bo`yicha Oqsoqollar kengashini tuzdi.
Oqsoqolar kengashining taklifiga binoan deputatlar yashirin ovoz berish yo`li bilan Nuriddinjon Ismoilovni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri etib sayladi.
Deputatlar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosarlari lavozimlariga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Sodiqjon Turdievni, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Sarvar Otamuratovni, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Hotamjon Ketmonovni, O`zbekiston «Adolat» sosial-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Narimon Umarovni, O`zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi rahbari Boriy Alixonovni sayladi.
«O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to`g`risida»gi qonunga muvofiq qo`mitalar raisi lavozimlari deputatlarning qaysi partiyaga yoki guruhga mansubligi hamda saylovda olingan saylovchilar ovozlari soni hisobga olingan holda aniqlanadi. Qo`mitalar raisi lavozimiga nomzodlar yuzasidan takliflar deputatlar fraksiyalari rahbarlari tomonidan o`zaro maslahatlashuvlar asosida kiritiladi. Shu munosabat bilan Qonunchilik palatasining deputatlari tomonidan quyi palata qo`mitalarining ro`yxatini tasdiqlash hamda qo`mitalar raislarining lavozimlarini siyosiy partiyalar fraksiyalari va Ekologik harakatdan saylangan deputatlar guruhi o`rtasida taqsimlash to`g`risida qaror qabul qilindi.
Deputatlar parlament quyi palatasi qo`mitalari raislarini ham sayladi.
Ko`rib chiqilgan barcha masalalar bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Shu bilan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisi o`z ishini yakunladi. 

    Boshqa yangiliklar