"O`zbekneftgaz" AJ rahbariyati Birlashgan Arab Amirligining "Mubadala Petroleum", Fransiyaning "Total E&P Activites Petrolieres" va Rossiyaning "NOVATEK" kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda "O`zbekneftgaz"AJ Axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu uchrashuvdan ko`zlangan maqsad joriy yilda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarni amalga oshirish bo`yicha tasdiqlangan "Yo`l xaritasi"da nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
Uchrashuv doirasida istiqbolli investisiya bloklari va konlarda, geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va uglevodorodlarni qazib olishni ko`paytirish uchun ilgari taqdim etilgan geologik ma`lumotlar muhokama qilindi.
"O`zbekneftgaz" AJ geologiya-qidiruv ishlarini olib borish doirasida normativ-huquqiy hujjatlar, xususan xorijiy investorlarga beriladigan imtiyozlar va preferensiyalar bo`yicha batafsil ma`lumotlarni taqdim etdi. Shuningdek, yuqorida qayd etilgan loyihani amalga oshirish uchun kompaniyalar o`rtasidagi amalga oshirish mumkin bo`lgan hamkorlikning shakllari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar 2019 yil noyabr oyining ikkinchi yarmida "Mubadala Petroleum" kompaniyasining taklifi bilan Abu-Dabida "Total E&P Activites Petrolieres", "NOVATEK" AJ va "O`zbekneftgaz" AJ vakillari ishtirokida barcha materiallarni o`rganish natijalari bo`yicha taqdimot o`tkaziladi va qo`shma hamkorlikning keyingi bosqichlari aniqlanadi.






