AsosiyJamiyat

Muqaddas Rabiul avval oyi muborak bo`lsin!

'Muqaddas Rabiul avval oyi muborak bo`lsin!'ning rasmi

 

Alloh taoloning habibi, Sarvari koinot, Buyuk muallim, Yuksak xulqlar va kamtarlik timsoli, Alloh taoloning O`zi “buyuk xulq uzradirsiz!” deb maqtagan Zot va olamlarga rahmat qilib yuborilgan suyukli Payg`ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamning tavallud oylari barchamizga muborak bo`lsin! Ma`lumki, Payg`ambarimiz sallallohu alayhi vasallam milodiy 571 yili Rabiul avval oyining 12 kuni Makkai Mukarramada arablar orasida Quraysh qabilasida tavallud topganlar. Payg`ambarimiz sallallohu alayhi vasallam payg`ambar va rasullarning oxirgisi, Havzi kavsar sohibi, ummatlari Jannat ahlining uchdan bir qismini tashkil qiladigan Zotdirlar. Hatto payg`ambarlar ham U Zotga ummat bo`lishni orzu qilishgan va bashariyatning sayyidi hisoblanadilar.

Darhaqiqat, Payg`ambarimiz sallallohu alayhi vasallam barcha payg`ambar va rasullarning afzalidirlar. Shuning uchun ham ularning barchalari Qiyomat kuni Payg`ambarimiz alayhissalomning bayroqlari ostida bo`ladilar. Bu haqda hadisi sharifda “Qiyomat kuni men Odam farzandining sayyidiman va faxrlanish emas-ku, qo`limda hamd bayrog`i bo`ladir. O`sha kunda hech bir nabiy yo`qki, Odam(alayhissalom) ham, boshqa ham mening bayrog`im ostida bo`ladi” (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati) deyilgan.

Jannat eshigi birinchi Payg`ambarimiz sallallohu alayhi vasallam uchun ochiladi. Bu haqda hadisi sharifda “Qiyomat kuni jannat eshigi oldiga kelib uni ochishlarini so`rayman. Darvozabon: “Sen kimsan?” deydi. “Muhammadman”, – deyman . U: “Sendan oldin biror kishiga ochmaslikka buyurilganman”, – deydi” (Imom Ahmad rivoyati).

Birinchi bo`lib qabrdan chiqadigan va birinchi bo`lib shafoat qilishni boshlaydigan Zot ham janob Payg`ambarimiz alayhissalom bo`ladilar. Bu haqda “Qiyomat kuni men Odam farzandining sayyidiman. Qabrdan birinchi chiqadigan shaxsman. Birinchi shafoat qiluvchiman. Birinchi shafoati qabul qilinuvchiman” (Imom Muslim rivoyati) deyiladi.

Alloh taologa beadad va behisob hamdu sanolar bo`lsinki, sizu bizni mana shunday ulug` Zotning ummati qildi.

 

O`zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay`ati

    Boshqa yangiliklar