“Ilm-fan va ilmiy faoliyat to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga muvofiq, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yo`nalishlaridan biri ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirish orqali milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligi hamda samaradorligiga erishishdan iborat.
Qonun bilan qator tashkilotlarning ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatlari belgilab berildi.
Xususan, Innovasion rivojlanish vazirligi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi hamda sohani rivojlantirish masalalari bo`yicha tegishli tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Shuningdek, Qonunga ko`ra, ta`lim tashkilotida iste`dodlarni aniqlash, tanlash, tarbiyalash bo`yicha tegishli chora-tadbirlar olib borish orqali yoshlar ilm-fan va ilmiy faoliyatga jalb etiladi.
Ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslar:
inson hayoti va salomatligi, atrof tabiiy muhitga zarar etkazmaslikka;
ko`chirmachilikka yo`l qo`ymaslikka, o`zgalarning ilmiy ishlanmalarini o`zlashtirmaslikka va yolg`on ma`lumotlarga asoslanmaslikka;
intellektual mulk huquqlari va ilmiy odob-axloq qoidalariga rioya qilishga majburdir.
Qonunga muvofiq, davlat ilmiy tashkilotlarida ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslarga 48 ish kunidan iborat yillik haq to`lanadigan hamda moddiy yordamni ko`zda tutadigan mehnat ta`tili beriladi.
Qonundagi ilmiy faoliyat yurituvchilar uchun mehnat ta`tili nazarda tutilgan qoidalar 2020 yil 1 yanvardan e`tiboran amalga kiritiladi