1

Labdagi uchuq organizmning ogohlantirish belgisidir!

Salomatlik 13.01.2015, 16:10
Labdagi uchuq organizmning ogohlantirish belgisidir!

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, er yuzidagi 80-90 foiz kishi gerpes virusining tashuvchisi hisoblanadi. Labga uchuq toshishi ana shu virusning qo`zg`alishi natijasida yuz beradi. Bir yilda 1-2 marta gerpes, ya`ni uchuq bezovta qilsa, u qadar vahimali emas. Ammo bu hol surunkali davom etsa, tananing boshqa a`zolariga tarqasa yoxud tuzalishi qiyin bo`lsa, albatta, shifokorga murojaat etish lozim. Gerpes toshmasi haqida yana nimalarni bilishimiz kerak? Bugun shu haqda suhbatlashamiz.

Mavzu yuzasidan oliy toifali dermato-venerolog shifokori Shuhrat AKBAROV ma`lumot beradi.

Tibbiyotda gerpesning sakkiz turi tasniflanadi. Shulardandan faqat birinchisigina labga toshma chiqishi bilan nomoyon bo`ladi. Virusning ikkinchi turi esa tana a`zolarining shilliq qavati, shu jumladan, jinsiy a`zolarda ham yuzaga kelishi mumkin.

“KASALLIK YuQUMLIMI?”

— Qish boshlanishi bilan qizimga tez-tez uchuq toshadi. Kerakli muolajalarni bajaramiz. Boshqa farzandlarimga ham yuqmasaydi, deb qo`rqaman. Aslida ham toshma yuqumlimi?

Sanobar, Toshkent shahri

— Labdagi gerpes toshmasiga qo`l bilan teginib, so`ng boshqalar bilan so`rashganida (agar o`sha odamning qo`l terisida biror ochiq jarohat bo`lsa), shaxsiy gigiena vositalaridan umumiy foydalanish, kamdan-kam holatda esa havo tomchisi yo`li bilan yuqishi mumkin. Shu bilan birga, sovuqqotish sabab shamollash yuzaga kelganida, to`yib uxlamaslik, surunkali charchoq, sterss holatlari tufayli organizmning immun tizimi sustlashsa ham, gerpes toshmasi paydo bo`ladi.

 

“SABABI NIMA?”

— Shamollasam, labimga uchuq toshadi.  Uchuq chiqishi shamollash asoratidanmi?

Bahrom, Samarqand shahri

— Organizmdagi kasallik virusi immunitet himoyasi sustlashi bilan darhol faollashib, ko`paya boshlaydi. Shu tariqa virusning “uyg`onishi” lab yoki tananing boshqa a`zolarida toshma toshishi bilan nomoyon bo`ladi. Ko`rib turganingizdek, asosiy omil immunitet bo`layapti. Shamollash esa shunchaki organizmning himoya tizimini zaiflashtirgan, xolos.

Labning engil achishishi, qichishishi va shishib qolganday tuyulishi uchuq daragidir. Odatda, bunday belgilar bir necha soatdan sutkaga qadar davom etishi mumkin. Agar toshma alomatlari sezilgan zahoti davolash choralari ko`rilsa, labdagi yallig`lanishning oldini olish mumkin. Aks holda  esa lab terisi asta shishib, yallig`langan soha atrofida pufakchalar paydo bo`ladi. 

“KREMLARDAN FOYDALANMOQChIMAN...”

— Hozirda dorixonalarda antibakterial turdagi kremlar talaygina. Uchuq toshmasini davolashda mazkur kremlardan foydalansa bo`ladimi?

Dilafruz, Sirdaryo viloyati

— Gerpes toshmasida pufakcha paydo bo`lib, bir necha kunda yoriladi. So`ng o`rni achishib, bezovta qilishi mumkin. Uchuq tuzalayotganda pufakcha atrofida qattiq teri qatlami paydo bo`lib, bir-ikki kunda ko`chib tushadi. Ana shunda lab terisini yumshatuvchi va oziqlantiruvchi antibakterial kremlardan foydalanish mumkin.

“ShIFOKORGA BORISh ShARTMI?”

— Bir necha oy davomida uchuq toshishidan bezor bo`ldim. Uy sharoitida muoalaja qilayapman. Ammo onam “Shifokorga bor”, deyapti. Tibbiy ko`rikdan o`tishim shartmi?

Gulnora, Toshkent viloyati

— Aksariyat hollarda labdagi uchuqni shunchaki shamollash deya, u qadar e`tibor berishmaydi. Tabiiyki uy sharoitida turli usullarga murojaat qilishadi. Vaholanki, surunkali davom etayotgan uchuq toshmasi organizmdagi viruslar ta`siridan bo`ladi. Bu holatda albatta shifokor ko`rigidan o`tish zarur. Agar mutaxassis lozim topsa, qondagi viruslar miqdoriga oid hamda toshmadan olingan surtma namunasiga ko`ra, tahlil o`tkazishi ham mumkin. Shu tariqa organizmdagi viruslarga qarshi muolaja va labdagi uchuqni davolash uchun maxsus surtmalar buyuriladi.

Mumkin emas!

  • Labdagi uchuq pufakchalarini igna bilan yormang va  unga spirt surtmang. Chunki pufakcha ichidagi suyuqlik lab atrofi yoki yuz, ko`z va tananing boshqa a`zolariga ham tarqab, infeksiya ko`payishi mumkin.
  • Labda achishganda toshma ustini tishlash yoki uni qo`lda ko`chirish qat`iyan ma`n etiladi.

Birinchi yordam...

Labda yallig`lanish belgilari boshlanayotganini sezsangiz, bezovtalikni engillashtirish uchun tarkibida moychechak, tirnoqgul (kolendula) ekstraktini jamlagan surtmalar, shuningdek, oqqarag`ay (pixta) moyi bilan engil ishlov berish mumkin.

ShAMOLLAShGA QARShI 9 TA FOYDALI IChIMLIK!

Ra`no YaRAShEVA, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist: — Tumov, tomoqda achishish yoki tinmay aksa urish kuzatilganda virus ta`sirini “kesadigan” shifobaxsh ichimliklardan iching. Qolaversa, ular organizmga quvvat ham bo`ladi.

LIMON+ASAL

Et uvishsa, qora yoki ko`k choy damlang-da, yarimta limon va 1-2 choy qoshiq asal qo`shing. 10 daqiqadan so`ng oz-ozdan ichishingiz mumkin. Bunday yoqimli muolajadan so`ng oyoqni issiq tutib, iloji bo`lsa, biror soatlar uxlab dam oling.

MAYMUNJON+JO`KA

Tumov boshlanganida maymunjon va jo`ka (lipa) gulidan tayyorlangan choy ayni muddao bo`ladi. Buning uchun teng miqdorda jo`ka guli va maymunjonnig quritilgan bargi (yoki murabbosi) ni choynakka soling-da, ustidan qaynoq suv quying. 30 daqiqadan so`ng ichish mumkin.

NA`MATAK+ShAKAR

Na`matak tarkibidagi S vitamini kasallik qo`zg`atuvchi viruslarga qarshi immunitetni chiniqtiradi. Termosga 3 osh qoshiq na`matak mevasini solib, ustidan yarim litr suv quying-da, damlang. Yarim soatdan so`ng ta`bga ko`ra asal yoki shakar aralashtirib, iching.

SUT+MA`DANLI SUV

1 stakan sutni isitib, unga yarim stakan ma`danli suv qo`shing. Suv va sutli aralashma tomoqdan balg`am ko`chishini osonlashtiradi.

SARIMSOQPIYoZ+SUT

Uyquga yotishdan oldin 1 stakan isitilgan sutga 10 tomchi sarimsoqpiyoz sharbatini aralashtiring-da, oz-ozdan iching. So`ngra o`ranib yoting. Bu usul shamollash alomatlarini tez va samarali bartaraf etadi.

OLMA+NOK+OLXO`RI QOQI

100 grammdan olma va nok qoqsini 1 litr suvga solib, olovga qo`ying. Qaynab chiqqach, turshak, mayiz va olxo`ri qoqlarini qo`shasiz. Barcha masalliqlar 10 daqiqa davomida qaynatiladi. So`ng ta`bga ko`ra shakar solasiz. Kompotni kun davomida iliq holatda ichishingiz mumkin.

ZANJABIL+ASAL+LIMON

1 stakan qaynagan suvga 1 choy qoshiq asal, yarim choy qoshiq zanjabil hamda yarimta limon sharbati soling.  5 daqiqa tindirilgach, oz-ozdan ichishingiz mumkin. Mazkur ichimlikni asosan ertalab och qoringa qabul qilgan ma`qul. Zanjabilli choy organizmga quvvat bag`ishlab, jismoniy faollikni ham oshiradi.

MOYChEChAK+JO`KA+ASAL

Moychechak, jo`ka (lipa) guli hamda asal aralashtirib qabul qilinsa, shamollashga qarshi eng maqbul vosita bo`ladi. Foydali choyni tayyorlash uchun 1 choy qoshiqdan moychechak va jo`ka gulini 200 gr. qaynagan suvga damlab, 20 daqiqaga qoldirasiz. Ta`bga ko`ra asal qo`shishni unutmang. Choy uch qismga bo`linib, bir kunda uch mahal ichiladi.

N.Ilyosova tayyorladi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1