Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Surxondaryo viloyati perinatal markazida pullik tibbiy xizmatlar narxlari aks etgan preyskurant (rasm) ko`plab muhokamalarga sabab bo`ldi. Ushbu holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi quyidagilarni ma`lum qiladi.
Ma`lumki, oxirgi yillarda homilador ayollar va chaqaloqlarni perinatal hamda neonatal skriningdan o`tkazish orqali ularda tug`ma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash tizimi yo`lga qo`yildi. Perinatal xizmatning asosiy vazifasi homila holatini kuzatish, jarrohlik yo`li bilan o`z vaqtida davolash uchun tug`ma nuqsonlarni aniqlash, muddatiga etmay va kam vaznda tug`ilgan chaqaloqlarni parvarishlashdan iborat. Bu borada erishilayotgan muvaffaqiyatlar nafaqat go`daklar hayotini va salomatligini saqlab qolish, balki ona salomatligini ham ta`minlash imkonini beradi.
Qolaversa, yurtimiz perinatal muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi barobarida, mutaxassislarimizning ham malakasini oshirish orqali eng kam vaznli go`daklar, hatto besh yuz gramm vaznda tug`ilgan chaqaloqlarni parvarish va reabilitasiya qilish muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tabiiyki, tizimida amalga oshirilgan bunday muhim islohotlar natijasida yurtimizda ayollarni salomatligini mustahkamlashga, onalar va go`daklar o`limini keskin kamayishiga sabab bo`lmoqda.Oxirgi ikki yil ichida go`daklar o`limihar bir ming nafar tirik tug`ilganlarga nisbatan 1,6 promillega kamaydi.
Ta`kidlash joizki, Prezidentimizning 2018 yil 7 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoni hamda Sog`liqni saqlash vazirligining 2018 yil 29 oktyabrdagi “Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko`rsatilayotgan pullik tibbiy xizmatlarni yanada takomillashtirish to`g`risida”gi 589-sonli hamda 2014 yil 28 maydagi “O`zbekiston Respublikasida perinatal xizmatni hududiylashtirish to`g`risida”gi 185-sonli buyruqlari asosida muddatdagifiziologik, asoratlanmagan homiladorlik, doimiy yoki vaqtincha ro`yxatda turgan homilador ayollarni joyidagi tug`ruq muassasasidabepul tarzda tibbiy xizmat ko`rsatiladi.
– Shu o`rinda eslatib o`tish joizki, mamlakatimizdagi perinatal markazlari homilada tug`ma nuqsoni bo`lgan, ona va bola salomatligiga xavf soluvchi tug`ruqlarni amalga oshiruvchi muassasa hisoblanadi. Ushbu holatlarda barcha tug`ruqlar bepul tarzda amalga oshiriladi, – deydi Sog`liqni saqlash vazirligi Onalik va bolilikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig`i Marat Sadikov. –Shuningdek, ayni paytda fuqarolarning talab va istaklariga asosan boshqa hududlarda bo`lgani kabi Surxondaryo viloyat perinatal markazida sifatli, malakali va ixtisoslashtirilgan pullik tibbiy xizmat ko`rsatilishiyo`lga qo`yilgan. Markazda pullik tibbiy xizmat yo`lga qo`yilgunga qadar fiziologik tug`ruqlar 47 foizni tashkil etgan bo`lib (me`yor 25 foizgacha)pullik tibbiy xizmat yo`lga qo`yilgach, ushbu ko`rsatkich 20-25 foizga tushirish kuzda tutilgan.Pullik xizmat nafaqat qonun hujjatlari ijrosini ta`minlash barobarida, byudjet mablag`larini tejash, sanitariya qoidalariga rioya qilish, korrupsiyaning oldini olish, muassasaning tibbiy va moddiy texnika bazasini mustahkamlashda muhim omil bo`lmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan preyskurant (rasm)ga kelsak, u tegishli huquqiy hujjatga asosan pullik tibbiy xizmat uchun belgilangan narxlar hisoblanadi. Shu bois fiziologik holatdagi homilador ayollar, hududlaridagi tug`ruq muassasasida bepul tarzda tibbiy xizmatdan yoki o`z xohishlariga qarab,perinatal markazlaridagi pullik xizmatlardan foydalanishlari mumkin, deb yozadi Sog`liqni saqlash vazirligiJamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.






