O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning makroiqtisodiy ko`rsatkichlar, soliq-byudjet siyosati, davlat byudjetining joriy yilda kutilayotgan ijrosi va 2020 yilga mo`ljallangan parametrlar muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilishida 2020 yil byudjetining xarajatlar qismi chuqur tahlil qilindi.
Jumladan, kelgusi yili ijtimoiy sohalar uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablag`lar hajmi ortishi ko`zda tutilgan. Masalan, sog`liqni saqlash tizimiga yo`naltiriladigan xarajatlar joriy yildagiga nisbatan 18 foizga, ta`lim sohasiga – 10 foizga va ilm-fan rivojiga – 47 foizga ko`payadi.
Qolaversa, ta`lim, tibbiyot, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash, qishloq xo`jaligini rivojlantirish, infratuzilmalarni yaxshilash kabi yo`nalishlarda 100 ga yaqin maqsadli dasturlar rejalashtirilgan.
Aholini dori vositalari bilan ta`minlash uchun 1,3 barobar, bolalar sporti dasturi uchun 3 barobar, geologiya-qidiruv ishlari dasturiga 4 barobar ko`p mablag` ajratish mo`ljallangan.






