“Karantin ostidagi mahsulotni olib qo`yish, qaytarib yuborish va yo`q qilish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi (ro`yxat raqami 3191, 31.10.2019 y.).
Nizom bilan tegishli hujjatlari mavjud bo`lmagan, o`simliklar karantini ob`ektlari bilan zararlangan karantin ostidagi mahsulotni olib qo`yish, qaytarib yuborish va yo`q qilish tartibi belgilandi.
Nizomga muvofiq, quyidagi hollarda karantin ostidagi mahsulotlar olib qo`yiladi:
1)O`simliklar karantini ob`ektlari aniqlanganda;
2) O`zbekiston hududiga olib kirilishi taqiqlangan ekish materiallari va mahsulotlar aniqlanganda;
3) Karantin ostidagi mahsulotning tegishli hujjatlari (karantin ruxsatnomasi talab etiladigan o`simliklar va mahsulotlar uchun karantin ruxsatnomasi, xorijiy mamlakatning vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati yoki guvohnomasi) mavjud bo`lmaganda.
Xavfli zararkunandalar, o`simlik kasalliklari va begona o`tlar bilan zararlangan karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish va yuk jo`natuvchiga qaytarib yuborishning imkoniyati mavjud bo`lmasa ular yo`q qilinishi (maxsus joyda yoqib yuborish yoki chuqur qazib ko`mib tashlash yo`li bilan) lozim.
Bunda hududiy o`simliklar karantini davlat inspeksiyalari boshliqlari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi hududiy organlarining va Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasining hududiy bo`linmalarining vakillaridan iborat komissiya tuziladi.
Komissiya tomonidan ushbu mahsulotlar tegishli joyda yo`q qilinadi va bu haqda dalolatnoma tuziladi.






