O`rganishlarga ko`ra, “O`zto`qimachiliksanoat” uyushmasi, “O`zpaxtasanoat” AJning hududlardagi 70 tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonasida 5055 ta, milliy vakansiyalar bazasida esa tikuvchi-bichuvchi kasb lavozimiga 14 mingga yaqin bo`sh ish o`rni mavjud.
O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “O`zto`qimachiliksanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda 20 mingga yaqin bo`lgan ana shu o`rinlariga ishsiz xotin-qizlarni joylashtirishga kirishdi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi “Sharq yulduzi“ hamda “Bahor“ MFYda yashovchi 112 ishsiz ayol o`z hududida joylashgan 200 dan ortiq ish o`rniga ega bo`lgan “Qarshi Barokat” MChJ tikuv-trikotaj fabrikasida bo`ldi.
Tashrif chog`ida korxonada yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi va ish beruvchilar bilan suhbatlashildi. Natijada 30 xotin-qiz fabrikada faoliyat ko`rsatish istagini bildirdi. Shu erning o`zida ulardan ishga joylashish uchun ariza qabul qilindi.
Mana shunday tadbirlarning navbatdagisi Toshkent viloyatida o`tkazildi. Hududning Qibray, Yuqori Chirchiq, Chinoz tumanlari hamda Chirchiq shahrida istiqomat qiluvchi 160 dan ortiq xotin-qiz o`z hududidagi tikuv-trikotaj korxonalarida bo`ldi.
Ma`lumotlarga ko`ra, ushbu korxonalarda 150 bo`sh ish o`rni mavjud. Tadbir natijasida 40 ga yaqin xotin-qiz tekstil yo`nalishida faoliyat ko`rsatish istagini bildirib, ishga joylashish uchun ariza yozdi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Matbuot xizmati ma`lumot berishicha, ishsiz xotin-qizlarni tikuv-trikotaj korxonalari bilan tanishtirish asosida ularni ishga joylashtirish tadbiri joriy yilning 1 dekabrigacha davom etadi.