O`zbekiston Respublikasi Prezidenti barcha davlat organi rahbarlariga kechki majlisbozliklarga chek qo`yish, davlat xizmatchilari, shu jumladan, rahbarlarning shanba kuni 17:00 dan keyin ishxonada qolmasliklari, yakshanba kunlari esa to`liq oila davrasida bo`lishni nazarda tutgan holda ishlarni tashkil etish bilan bog`liq aniq ko`rsatmalar berdi. Bu haqida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma`lum qildi.
Shuningdek, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan chora-tadbirlar orasida:
- davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish va xizmat hujjat aylanishi tizimini takomillashtirish;
- davlat organlarida har bir lavozim pozisiyalari bo`yicha vazifalarni optimallashtirish, vazifalar dublikatiga yo`l qo`ymaslik;
- barcha darajadagi davlat xizmatchilarining malakasi professionalligini oshirish;
- “Davlat xizmati to`g`risida” qonun hujjatini ishlab chiqish singari chora-tadbirlar davlat xizmatchilari mehnat faoliyatini tartiblashga qaratilgan.
Xususan, “Davlat xizmati to`g`risida”gi qonun loyihasida O`zbekiston Respublikasida quyidagi prinsiplarga asoslangan davlat xizmati tizimini yaratish maqsad qilingan:
vatanparvarlik va xalqqa xizmat;
qonuniylik;
fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
siyosiy neytrallik;
adolat, halollik va xolislik;
professionallik va chuqur bilimga asoslanganlik;
vatanparvarlik va xizmat vazifasiga sadoqat;
davlat xizmatiga qabul qilish va yuqori lavazimga ko`tarilishdagi ochiqlik;
davlat xizmatchilarining ijtimoiy va huquqiy himoyalanganligi va h.k.
Yangi qonun loyihasida davlat xizmatchilarining ish vaqti masalasi ham e`tibordan chetda qolmagan. Unga ko`ra davlat xizmatchisining ish vaqti mehnat qonunchiligi umum me`yorlariga asoslangan.
Ma`lumot uchun: Mehnat kodeksiga muvofiq, ish vaqtidan tashqari ishlar xodimning roziligi bilan qo`llanishi mumkin. Ish vaqtidan tashqari ishning muddati har bir xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to`rt soatdan (mehnat sharoiti og`ir va zararli ishlarda — bir kunda ikki soatdan) va yiliga bir yuz yigirma soatdan ortiq bo`lmasligi lozim. Ish smenasining muddati o`n ikki soatdan iborat bo`lganda, shuningdek mehnat sharoiti o`ta og`ir va o`ta zararli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yo`l qo`yilmaydi.
Ishlab chiqarish-texnika sharoitlari va boshqa sharoitlarga (uzluksiz ishlaydigan korxonalar, ob`ektlarni qo`riqlash, ularning xavfsizligini ta`minlash kabilarga) ko`ra ishni to`xtatib turish mumkin bo`lmagan joylarda, aholiga xizmat ko`rsatish zarurati bo`lgan ishlarda, shuningdek kechiktirib bo`lmaydigan ta`mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarida bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashga yo`l qo`yiladi.
Mehant kodeksining 157-moddasiga asosan ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to`lanadi. To`lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo`lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo`mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
Bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin.






