Bir muddat avval Telegram-kanallarning birida Toshkent Botanika bog`i ilmiy muassasa bo`lishiga qaramasdan, odamlarning ko`pligidan jamoat joyiga o`xshashi qayd etilgan edi. Muallif chiqindilar, bosib tashlangan so`qmoqlar, buzilgan mini ekotizimlar ishga xalal bermaydimi, deya savol qo`ygan.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ushbu holatda kamchiliklar borligini tasdiqlab, boshqarma rahbariyati tomonidan poytaxtda joylashgan Botanika bog`ida kamchiliklar borligiga e`tibor qaratilganini ma`lum qildi.
“Ushbu hududga ko`plab odamlar kelishi, holatni huquqni muhofaza qiluvchi organlari nazorat qilishi zarurligi, sanuzellarning yomon holati hamda hududda maishiy chiqindilar ko`payib ketgani e`tiborga olindi“, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBB ushbu hududga ikki nafar profilaktika inspektorlari yordamchilarini biriktirib qo`ygan. Yaqin kunlarda ularga skuterlar taqdim qilinadi. Shuningdek, yaqin orada ikkita 360 kenglik darajasida kuzatuv uchun imkon beradigan kameralar va “xavotir tugmasi” o`rnatiladi. Bu tashrif buyuruvchilar uchun biror bir holat bo`yicha tezkor tarzda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish imkoniyatini yaratadi. Buning uchun tugma bosilsa, IIBB xodimi bilan videoaloqa orqali bog`lanish va muammo haqida xabar berish mumkin.
Shu qayd etish lozimki, Botanika bog`i rahbariyati ham yuqoridagi muammolarni hal qilishga kirishib, ushbu yo`nalishda ishlar olib bormoqda.
Shuningdek, xabarda fuqarolarga ekotizim bilan munosabatda ehtiyotkorlik lozimligi eslatib o`tilgan.






