AsosiyJamiyat

Adliya vazirligiga yangi vakolat berildi

'Adliya vazirligiga yangi vakolat berildi'ning rasmi

Adliya vazirligi davlat boshqaruv organlarining huquqiy monitoringni o`tkazish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi. Bu haqida darakchi.uz’ga Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O`rinboeva ma`lum qildi.

Ushbu yangilik Davlatimiz rahbarining “Huquqiy monitoringning zamonaviy mexanizmlari asosida qonun hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”  qarorida keltirilgan.

Qarorga muvofiq, normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini o`tkazish tizimi joriy qilindi.

Monitoringning asosiy vazifalari qonun hujjatlari ijrosining yagona amaliyotini joriy etish, ularning O`zbekiston qonunlari va xalqaro majburiyatlariga muvofiqligini ta`minlash, qonun hujjatlaridagi yagona tushuncha va atamalar tizimini yaratish kabilardan iborat.

Qarorga ko`ra, monitoring Hukumat tomonidan tasdiqlanadigan huquqiy monitoring o`tkazish rejasiga muvofiq amalga oshiriladi

Monitoring davlat boshqaruvi organlari tomonidan o`z vakolatlari doirasida tartibga solish predmeti bo`lgan qonun hujjatlari bo`yicha o`tkaziladi.

Shu munosabat bilan vazirlikka davlat boshqaruvi organlari o`tkazadigan huquqiy monitoringda ishtirok etish va huquqiy monitoringni o`tkazishdagi qoidabuzarliklarni bartaraf etish to`g`risida taqdimnoma kiritish kabi huquqlar berildi.

Qaror bilan, shuningdek, Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining huquqiy monitoringini o`tkazish tartibi to`g`risida nizom tasdiqlandi.

Huquqiy monitoringni o`tkazish bilan bog`liq jarayonlar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida tashkil etiladigan maxsus elektron maydonchada amalga oshiriladi.

Boshqa yangiliklar