Qoraqalpoq tilshunosligining yirik namoyandasi, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Husniddin Hamidov 84 yoshida vafot etdi.
H.Hamidov 1935 yil 5 yanvarda Qoraqalpog`iston Respublikasi Chimboy tumanida tug`ildi. 1955 yili ikki yillik o`qituvchilar institutini tugatib, o`z faoliyatini o`rta maktabda o`qituvchilikdan boshladi. Keyinchalik Qoraqalpoq pedagogika institutida tahsil olib, 1967 yilda nomzodlik, 1991 yilda doktorlik dissertasiyasini himoya qildi.
1994 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir-a`zosi, 2000 yilda haqiqiy a`zosi etib saylandi.
Iste`dodli olim o`zining qariyb 60 yildan ziyod ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Qoraqalpog`iston bo`limining Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, bo`lim mudiri, Qoraqalpoq davlat universitetida professor, kafedra mudiri vazifalarida samarali mehnat qildi va qoraqalpoq tilshunosligi sohasidagi dolzarb masalalarni ilmiy tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo`shdi.
Til tarixi bo`yicha chuqur izlanishlar olib borgan, qadimiy qo`lyozmalar ilmiy tavsifini yaratgan olimning «Qoraqalpoq tili tarixi ocherklari», «Eski qoraqalpoq tilining yozma yodgorliklari», «Berdaq qo`lyozmalari merosi» kabi monografiyalarida qoraqalpoq adabiy tili normalarining shakllanishi muammolari eski o`zbek adabiy tili bilan uzviylikda ochib berilgan.
H.Hamidov jamoat ishlarida ham faol qatnashib, 1995-2000 yillarda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati sifatida faoliyat ko`rsatdi.
Ko`plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan jonkuyar ustozning bevosita rahbarligida o`nlab fan doktori va fan nomzodlari tayyorlangan.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Husniddin Hamidovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoev, T.Norboeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, M.Erniyazov, B.Yo`ldoshev






