Tez kunlarda Toshkent teleminorasida pasportsiz kirish tartibi joriy qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar matuot xizmati ma`lum qildi.
Ma`lumki, Toshkent teleminorasi strategik ahamiyatga ega ob`ekt hisoblanadi. Shu bois bu erga shaxsni tasdiqlovchi hujjat orqali kiritiladi. Boshqa hollarda esa teleminora go`zalligini faqat tashqaridan kuzatish mumkin.
Poytaxtimizda sayyohlik imkoniyatlarini kengaytirish va turistlar uchun qulaylik va sharoitlarni yaratish borasida keng ko`lamli ishlar olib borilmoqda. Toshkent teleminorasi ma`muriyatining ma`lum qilishicha, tez orada ushbu maskanga shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan kirish tartibi bekor qilinishi rejalashtirilmoqda.
Umid qilamizki, buning natijasida Toshkent teleminorasiga keluvchi mahalliy va xorijiy turistlar yanada ortadi.
Ma`lumot uchun: Toshkent teleminorasi balandligi bo`yicha jahonning 200 dan ortiq minoralari orasida 11-o`rinni egallaydi. Teleko`rsatuvlar ko`lamining kengayishi munosabati bilan kuchli radio-televizion uzatish stansiyasi qurilishiga ehtiyoj paydo bo`lganligi sababli Bo`zsuv kanalining o`ng sohilida 1978–85 yillarda mazkur inshoot bunyod etilgan. Toshkent teleminorasi 3 ta konussimon tirgakka o`rnatilgan. Undan Butunjahon buyuk minoralar federasiyasiga bag`ishlangan muzey, «Koinot» restoranining «Alvon» va «Moviy» zallari, kuzatuv maydonchalari o`rin olgan.