AsosiyJamiyat

“Lazzatli O`zbekiston” birinchi Xalqaro kulinar chempionati bo`lib o`tadi

'“Lazzatli O`zbekiston” birinchi Xalqaro kulinar chempionati bo`lib o`tadi'ning rasmi

Kecha, 5 noyabr kuni Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi”da “Lazzatli O`zbekiston” birinchi Xalqaro kulinar chempionatiga bag`ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi vakili Sherzod Sultanov xabar berdi.

Matbuot anjumanida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari Aziz Abduhakimov, O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov, Butunjahon bosh oshpazlar hamjamiyati (WACS), Butunjahon Islom pazandalari uyushmasi (WICS) vakillari, gastronomiya va turizm sohasidagi mahalliy va xalqaro ekspertlar, OAV vakillari ishtirok etdi.

“Lazzatli O`zbekiston” (Delicious Uzbekistan) birinchi Xalqaro kulinar chempionati joriy yilning 6-8 noyabr kunlari Toshkent shahridagi “O`zekspomarkazi”da o`tkaziladi. Mazkur tadbir O`zbekiston Oshpazlar uyushmasi tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasining institutsional qo`llab-quvvatlashi doirasida tashkil etilmoqda.

Tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad – O`zbekistonning milliy taomlarini jahon miqyosida targ`ib etish, respublikamizning mohir oshpazlarini dunyoga tanitish, mamlakatimizda gastronomik turizmni jadal rivojlantirish, yurtimizga sayyohlar oqimini ko`paytirish hamda “O`zbek nonushtasi”ni jahon brendiga aylantirishdan iborat.

Chempionatni tashkil etishda Butunjahon bosh oshpazlar hamjamiyati (WACS) hamda Butunjahon Islom pazandalari uyushmasi (WICS) hamkorlik qilmoqda. Ushbu chempionat Butunjahon bosh oshpazlar hamjamiyatining tadbirlar rejasiga kiritilib, xalqaro chempionat maqomiga ega bo`ldi.

Chempionatning tantanali ochilish marosimi 2019 yil 6 noyabr kuni Toshkent shahridagi “O`zekspomarkazi”da o`tkazilishi kutilmoqda. Unda chempionatning ilk musobaqalariga start beriladi.

Uch kun davom etadigan Chempionatda dunyoning 30ga yaqin davlatlaridan tashrif buyurgan oshpazlar jamoasi bosh sovrin uchun bellashadi. Jamoalarning ishlarini baholash uchun 20 kishilik hakamlar hay`ati tuzilgan bo`lib, ular turli davlatdan tashrif buyurgan hamda Butunjahon bosh oshpazlar hamjamiyatining (WACS) ekspertlaridan iborat. 

Mazkur tadbir chempionatga tashrif buyurgan mehmonlar, mahalliy va xorijiy OAVlari vakillariga O`zbekistonning milliy taomlari haqida batafsil ma`lumot berish, mamlakatimizda gastronomik turizmni jadal rivojlantirish, o`zbek milliy taomlari va nonushtasini keng targ`ib qilish hamda yurtimizga sayyohlar oqimini ko`paytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari Aziz Abduhakimov:

–Avvalambor shuni ta`kilash lozimki, uch kun davom etadigan mazkur xalqaro chempionatga 30 ga yaqin xorijiy davlatlardan, jumladan AQSh, BAA, Ozarbayjon, Turkiya, Jazoir, Hindiston, Pokiston, Ruminiya, Gresiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Mo`g`iliston, Qozog`iston, Qirg`iziston va boshqa mamlakatlardan 200 dan ortiq pazandalarning ishtirok etishi tadbirning darajasi va ahamiyatini ko`rsatib turibdi. Bugungi kunda mamlakatimizda aynan turizm sohasida faoliyat ko`rsatayotgan jamoat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. 

Xususan, muhtaram Prezidentimizning Farmon va qarorlari ijrosi doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari institutsional qo`llab-quvvatlanmoqda. Jamoat tashkilotlarini qo`llab-quvvatlash uchun so`nggi bir yil davomida jami 1 mldr. 580 mln. so`m miqdorida mablag`lar yo`naltirilgan bo`lsa, yil yakuniga qadar bu ko`rsatkichni 2,5 mldr. so`mgacha etkazish ko`zda tutilgan. Ushbu tadbir ham aynan ushbu qo`llab-quvvatlash dasturi doirasida tashkil etilmoqda.

Quvonarlisi, bu kabi amaliy sa`y-harakatlar tufayli ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, birgina O`zbekiston Oshpazlar uyushmasi tomonidan “Lazzatli O`zbekiston” birinchi kulinar ensiklopediyasi va “O`zbek nonushtasi” qo`llanmasi tayyorlandi. Qolaversa, turistlarga xizmat ko`rsatish sifatini oshirishga qaratilgan “Mehmonnavozlik maktabi” loyihasi doirasida turistlarga xizmat ko`rsatuvchi 150 dan ortiq xodimlarning malakasi oshirildi”.

    Boshqa yangiliklar