Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida o`tkazilayotgan 38-xalqaro kitob ko`rgazmasida 300 metr uzunlikdagi Mushaf qo`lyozmasi namoyish etildi.
The National nashrining yozishicha, qo`lyozma muallifi, hindistonlik rassom M Dileef ekani aytilgan. Muallifning so`zlariga ko`ra, Qur`oni karimning to`liq ko`chirilganidan keyingi qo`lyozma shakli 1 kilometr uzunlikda bo`ladi.
Rassom Allohning Kalomini butun dunyoga yoyishni maqsad qilganini aytib, ushbu qo`lyozma Hindiston, Turkiya singari mamlakatlarda namoyish etilganini qayd etgan. Endilikda Evropa bo`ylab ko`rgazmalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Sharjada o`tayotgan kitob ko`rgazmasi joriy yilning 9 noyabriga qadar davom etadi. Unda 2000 dan ortiq dunyo nashriyotlari o`z kitoblari bilan ishtirok etmoqda, deya xabar beradi O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati.