Bugun Toshkent metropoliteni qurilganiga 42 yil bo`ldi. “Lonely Planet” nashriyoti Toshkent metropolitenini dunyodagi eng chiroyli metropolitenlardan biri deb atadi. Darhaqiqat, u dunyodagi eng chiroyli metropolitenlardan biri. Shuningdek, VVS nashriyoti yaqinda maqola e`lon qilib, unda poytaxtimiz metropolitenining ko`rkamligi va timsollarga boyligi haqida ma`lumot keltirgan.
Toshkent metrosi tarixiga to`xtalsak
Toshkent metropolitenining birinchi tarmog`i 9 bekatni o`z ichiga olgan bo`lib, (keyinchalik u Chilonzor yo`nalishi nomini olgan) 12.2 km masofadan iborat. Ushbu tarmoq 1977 yil 6 noyabr kunidan ishga tushirilgan. 1980 yilning 18 avgustida ushbu tarmoqda yana 3 ta bekat ochilgan, yo`nalishning umumiy uzunligi 16.8 km.dan iborat.
Toshkent metrosi tobora kengayib bormoqda. 1984 yilda uning ikkinchi tarmog`i, 2001 yilda esa uchinchi tarmog`i ishga tushgan. Uchinchi tarmoq qurilishi ham davom etib, unga ko`ra, shimoliy tumanlarni janubdagi aeroport bilan birlashtirish rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda 29 ta bekatdan iborat 3 ta metro yo`nalishining umumiy uzunligi 36.2 km.ni tashkil qiladi. Yunusobod tumanidagi ikki bekat qurilishini yakunlash bo`yicha ishlar jadal olib borilmoqda. Shuningdek, hozirgi kunda Sergeli tumaniga “engil” er usti metrosini qurish ishlari davom etmoqda. Kelgusida u 6 ta bekatdan iborat bo`ladi. Er usti Sergeli tarmog`ini Navro`z bayrami arafasida ishga tushirish rejalashtirilgan. Yo`lovchilar Sergelidan Buyuk ipak yo`li bekatigacha to`g`ridan-to`g`ri etib borish imkoniga ega bo`ladi.
Yaqinda “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati 2025 yilgacha metropolitenni rivojlantirish rejasini taqdim qildi. 2025 yilgacha metroning uzunligi deyarli to`rt barobarga ko`payib, 157 kilometrni tashkil etadi. 74 ta yangi bekat tashkil etilib, shulardan 17 tasi boshqa bekatga o`tish imkoniyatiga ega bo`ladi. Shuningdek, 2019 yil 7 oktyabr kunidan boshlab Toshkent metropolitenining barcha bekatlarida Wi-Fi tarmog`iga bepul ulanish imkoniyati paydo bo`ldi.
Metroda suratga olish ishlari nima uchun taqiqlangan?
Metropoliten muhim strategik ob`ekt deb hisoblanganligi uchun u erda foto va video suratga olish taqiqlangan edi. Biroq, Toshkent metrosi go`zal sayyohlik maskani ham. Shu bois, 2018 yilning yozida mamlakatimiz hukumati unga berilgan harbiy maqomni va 41 yillik taqiqni bekor qildi.
Metropoliten 9 ballik zilzilaga dosh bera oladi
Sovet Ittifoqi davrida agar shahar aholisi bir milliondan oshsa, unga metro qurish huquqi berilardi. U davrda qurilgan ko`pgina bekatlardan farqli o`laroq, Toshkent metropolitenida qurilishning chuqurlashmagan tizimi qo`llangan bo`lib, u Minsk metrosi tajribasidan olingan. Boshidanoq Toshkent metropoliteni inshootlari mintaqaning yuqori seysmik xavfga egaligini inobatga olgan holda qurilgan. Aytilishicha, inshoot MSK-64 shkalasi bo`yicha 9 ballik zilzilaga dosh bera oladi.






