«UMS» aloqa operatori Samarqand fililida texnik xizmat ko`rsatuvchi xodimlardan biri qo`li singan bo`lsa ham «Ilizarov» temir apparatida besh oy davomida ishga qatnaganligi joriy yilning oktyabr oyi boshida aniqlandi.
Korxona ishchisining qanday holatda ko`li singanligi va nima sababdan u singan qo`l bilan ham ishga kelishga majbur bulayotganini o`rganishga harakat qildik. Aniqlanishicha UMS texnik xodimi J.T. joriy yilning birinchi may kuni qo`lining ochiq sinib ketishi natijasida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiyot markazining Samarqand filialiga olib kelingan.
Tibbiyot muassasasining murojaatlar ro`yxati kitobida 01.05.2019 yil sanasidagi №11/314 sonli raqam bilan kayd etilgan yozuvda UMS xodimi J.T. soat 11.15da «vaqtinchalik ishsiz» sifatida so`zidan ariqdan yiqilganligi sababli «chap bilak suyagi yuqori uchligidan ochiq sinib siljish»i tashxisi qo`yilgan. Qo`li ochiq singan bemor tibbiyot muassasasida shifokor Sh.L. nazoratida 10 kun davomida stasionar yotib davolangan. Bemorning singan kulini oddiy gipslashning imkoni bo`lmagani uchun unga Ilizarov nomli temir apparati qo`yilgan. Joriy yilning birinchi may kuni «chorshanba» va ish kuni bo`lganligi sababli xodim qo`li ish paytida singan bo`ligini taxmin qilish mumkin. UMS xodimining shifoxona kitobida «vaqtinchalik ishsiz» sifatida qayd qilinganligi ham ushbu gumonni tasdiqlay oladi.
O`zbekistonda ishchilarning ish paytida olgan jarohatlarining yashirilishi oldindan kuzatilib kelinayotgan hol. Tibbiy muassasalar murojaat kitoblaridagi ma`lumotlarda aksariyat bemorlar «vaqtinchalik ishsiz» sifatida qayd etilganligi bu iddaoni isbotlaydi.
Ish paytidagi jarohatlar va ba`zida mehnat qobiliyatini yukotish yoki o`limga olib kelgan holatlar ham ish beruvchilar tomonidan yashirilishiga harakat qilinadi. Mehnat qonunchiligiga zid bo`lsada, ishchilar o`z ishidan ayrilib ko`chada qolib ketishdan qo`rqib bu kabi holatlarni yashirishga majbur bo`lishmoqdalar.






