Afsuski, milliy tariximizning qora kunlari, ya`ni XVII asrdan XX asr boshlarigacha siyosiy beqarorlik, diniy jaholat kasofatidan dunyo texnika taraqqiyoti va jahon tamaddunidan xabarsiz qoldik. Ma`lum bir davr tanazzulga yuz tutdik.
Ha, Nil daryosi sathini o`lchab bugun Misr taraqqiyotiga hissa qo`shgan Farg`oniy, “0” raqami orqali LG, SAMSUNG, NOKIA kabi kompaniyalarni ma`naviy qarzdor qilgan Xorazmiy avlodlari poezdni ko`rgach, “Temir maxluq”, deya hayratlandi.
Vaholanki, bu texnika Beruniyning aniq geometrik formulasi, Farg`oniyning aniq fizikaviy qonuniyatlari hisobiga bunyod etilgan edi.
Demak, o`z qobig`iga o`ralib olgan davlat, boshqa madaniyatlar bilan aloqalarni yo`lga qo`ymaydigan jamiyat tanazzul va qoloqlikka mahkum.
XIX asrgacha samuraylar qilichidan boshqa qudratli kuch yo`qligiga ishongan Yaponiyaning keyinchalik “ochiq eshiklar siyosati”ni olib borib, kapitalizm yo`lini tanlaganiga dunyo guvoh.
Bugun O`zbekiston ham bozor munosabatlariga asoslangan ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo`lidan borar ekan, dunyo bilan hamnafas yashashi shart.
Faqatgina biz dunyodan oladigan turli madaniyat va urfodatlar milliy manfaatlarimiz va azaliy qadriyatlarimizga zid kelmasa bo`lgani. Muhimi shu.
O`ZBEK KUYIDAN ALAHSIRAGAN JOSUS…
Evropalik josus O`rta Osiyo xonliklari tarixi va harbiy salohiyatini o`rganish uchun saroyga o`rnashib olgan. Yurish-turish, qiyofa, xatti-harakat, imo-ishorasidan ajratishning iloji yo`q. Haqiqiy josus. Qoyil. Ammo bu qobiliyat o`zbek mumtoz musiqasi oldida naqadar ojizligini his etganiga manbalar guvoh.
Xullas kalom, mug`anniylarning xonishi, tanbur (tanani burovchi) nolasidan saroy ahli boshini saraksarak qila ko`zini yumib olganda, qaerdandir musiqaga mos ravishda oyoq tepib turgan tovush eshitiladi-yu, josusning siri ochiladi.
Nega ochilmasin. “Ey o`g`il haddingda tut, otang sani sotgandayam, inchunin mushfiq onang gaplari og`ir botgandayam” misrasidan ota-onasi oldidagi farzandlik burchi, sharqona ruhiy tarbiya, Ibn Sino asos solgan musiqa terapiyani G`arbdagi qaysi maktabdan o`rgansin?!
1935 yil Buyuk Britaniyada “Jahon xalqlari musiqa festivali”da Usta Olim Komilovning doira chalgan panjalaridan hayratlanib, uning panjalaridan gipsdan nusxasi olingach hozirgacha London muzeyida saqlanayotgan “O`zbek doirachisi panjasi” yodgorligini qaerdan bilsin?
Bugun Betxoven, Mosart, Bax mumtoz musiqasiga nari qilib, olomon Parij sahnasida Munojot Yo`lchievaga qarata: “Men falaj edim. Sizning qo`shiqlaringizdagi dard, musiqangizdagi sehrli ohang bilan tuzaldim”, deya sevinch yoshini to`xtata olmagan muxlisning musiqiy madaniyatini qanday anglasin?
GUL MENIKI, ER MENIKI…
“Kelinchak tomonidan gul otish marosimi amalga oshirildi va unda guldastani kelinning dugonalari ilib olishdi”…
Ko`z oldingga “Sen etim emassan” filmidagi nonga to`ymagan bolakaylarning tarelkadagi non bo`laklariyam mayli, non ushoqlarini ham terib eyayotgani keladi. Bu bolalarku urush payti nonga to`ymagan. Bu kelin dugonalar-chi?
Azal-azaldan xalqimizda yigitlarning oila qurishi va oilaning mas`uliyatini anglashi uchun kuchli ruhiy targ`ibotlar amalga oshiriladi.
Misol uchun, kelinning uyiga borgan kuyov qo`liga qand-qurs solingan belbog` beriladi. Kuyov otgan belbog`ni ilib olish uchun kuyovjo`ralar shunaqangi tortishadiki, bu marosim oldida ko`pkari xijolat.
Belbog`ni mushtida mahkam siqib olgan yigitning onasi to`yxonada g`ozday keriladi.
Keriladi-da, shuncha yigitlar orasidan aynan uning o`g`li oila rizqu-nasibasi uchun bir umr kurashib yashashini isbotlab bergandan keyin.
G`olibona nazar soladi-da, devor panasidagi go`zal qizlar o`g`liga zimdan qarab turgandan keyin.
Mag`rurlanadi-da, yonidagi ayollar qani edi, shunday abjir, oilaparvar kuyovim bo`lsaydi, deya orzu qilib qiz o`stirayotgan onaxonlarga qarata: “Qizing bo`lsa shunday yigitga berasan-da”, deya baland ovozda gapirgandan keyin.
G`arbda-chi? Bugun Evropa oilashunoslari aholi demografik inqirozidan chiqib ketish uchun qizlarni oila qurish va farzand ko`rishga qiziqtirish bilan ovora.
Aytaylik, to`yxonada yig`ilgan omma oldida kelin qo`lidagi gulni orqaga otadi. Ularning targ`iboti bo`yicha gulni olgan qiz turmushga chiqishi kerak. Gulni ilib olish uchun qizlarning qo`llarini tepaga cho`zib, er dardida bir-birini itarib tepishayotgan o`zbek qizlarini ko`rgan Kumush XXI asrda hayotda emas, “O`tkan kunlar” kitobida yashayotganidan xursand.
Soch o`rami buzilgan, ko`ylaklar bir ahvolda, gulni ilib: “Er bormi?” qabilida qo`llarini baland ko`targan qizning onasi to`yxona burchagiga yashiringan.
Yashirinadi-da, tumonat odam oldida qizi “Mana menman ersiragan. Uylanadiganing bormi?”, deya atrofga javdirab turgandan keyin.
Qizaradi-da, davradagi ayollarga gap bermasdan qizining xulqi, hatto ibosiga farishtalar hasad qilishidek uydirmalarni to`qib turgan bir paytda ayollarning “Uzr, opajon. Ana u gul ko`tarib turgan tasqarani aytyapsizmi?”, deya mot qilganidan keyin. Agar shunday ayollar to`yxonada bo`lsa?!
Boshini egib turadi-da, nikoh marosimida mullaning “Falonchi qizi, o`zingizni falonchiga tan mahramlikka berasizmi?” so`roviga xuddi-ki uyalib bosh qimirlatish “sahnasi”ni o`rgatgan ona bugun qizining to`yxonadagi tomoshasidan keyin.
O`ylab qolasan, bugun ba`zi to`ylardagi gul otish lavhalarini jamlab kino ishlasa bo`ladi. Faqat kinoning nomi “Sen etim emassan” emas, balki “Sen ersiz emassan, tinchlan jigarim!”
O`ZBEK OShPAZINING FAROSATI …
Moskvadagi “Kazan” (Qozon) restorani bosh oshpazi Hakim G`anievning yarim tonnalik norin taomi tayyorlagani uchun “Ginness rekordlari” kitobiga kiritilganidan xabar topgan xorijiy jurnalistlar marg`ilonlik oshpazni mot qilishmoqchi bo`lishdi.
– Hakim aka, tabriklaymiz. Moskvada oshxona ochib, yana buning ustiga, “Ginness rekordlari” kitobiga kirishingiz, bu – baxt. Lekin bir savol bor?
– Marhamat!
– Siz har doim intervyularda “Biz o`zbeklarda o`ng qo`l bilan taom eydi. O`ng qo`l bilan barcha ishlar bajariladi. Oyoq kiyim ham o`ng oyoqdan kiyiladi. Faqat hojatxonada chap qo`l ishlatiladi”, deya aytib kelasiz. Unda nega bugun norin uchun qo`yning chap oyog`idan foydalandingiz?
Biz dunyoda “Fastfood” brendini kashf qildik, deya chiranib, hatto milliy taomi bo`lmagan ba`zi davlatlar qo`y o`zining oyog`iga yotgani uchun uning go`shti er zaxidan buzilmasligi, shuning uchun qo`yning ta`mi buzilmagan chap oyog`idan foydalanishini qaerdan tushinsin?!
“Biz dunyoga gigiena olib keldik, unitaz, tualet qog`ozi olib keldik“, deya chiranayotgan G`arb aslida Ibn Sinoning o`lat, zotiljam, vabo kasalligi yalmog`izlar supurgisidan emas, havo, kalamushlar orqali yuqishini qaerdan bilsin?
“Dasturxon uchun tish kavlagich, sanchqi yaratdik, ovqatdan so`ng ho`l sochiq (vlajnaya salfetka)“, deya kerilayotgan shovvoz aslida “Qarisan, qartasan, asl zotingga tortasan” shioriga amal qilib, uyqudan uyg`ongan zahoti qo`lyuzini yuvmasdan kofe damlab ichmasdi.
Xulosa o`rnida, bugun ana shunday “ommaviy madaniyat” sarqitlari borki, na milliy qadriyatlarimiz, na milliy urf-odatlarimizga to`g`ri keladi. Ular shunchaki, payvand qilishga yaramaydigan boshqa bog`ning kasalmand novdalariga o`xshaydi.
Ota-bobolarimiz aytishicha, ko`chatga payvand qilingan novda agar meva bersa, uning danagidan ko`paytirib bo`lmas ekan. Sababi, ildizi mustahkam niholga payvand qilingan novda ildizsiz ekan.
Mabodo, kasalmand novdalar xonadonimiz bog`ida o`sib chiqqudek bo`lsa, internet, telefon, televizorni o`chirish emas, balki “tafakkur qaychi”mizni qo`lga olsak bo`lgani…
Jonibek Shuhratov
manba: O`zA






