Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Rozanna Nitti boshchiligidagi Jahon banki delegasiyasini qabul qildi. Uchrashuvda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi «O`rta shaharlarni kompleks rivojlantirish» loyihasiga kiritilgan Chortoq shahri bo`yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini boshlash oldidan so`nggi bosqich bo`yicha so`z bordi.
Muloqotda loyihani mukammallashtirish, loyihadan o`rin olishi ko`zda tutilgan ob`ektlar, Jahon banki loyiha guruhi tomonidan bildirilayotgan takliflarni mahalliy shart-sharoitlardan kelib chiqib umumiy konsepsiyaga moslashtirish bo`yicha keng fikr almashildi. Chortoqning bosh rejasi bugungi kunda rejalashtirilayotgan tumanni tibbiyot va sihatgohlar turizmi rivojlangan ekologik toza hududga aylantirish uchun kerakli barcha jihatlarni o`z ichiga olishi lozimligi borasida ham kelishib olindi.
Jahon bankining Chortoq shahrini kompleks rivojlantirish loyihasi noyabr oxirida ishga tushirilishi belgilandi. Bu maqsadda Chortoq shahrida yirik taqdimot marosimi o`tkazilishi rejalashtirildi.
Ma`lumot uchun, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining 100 million dollar krediti hamda O`zbekistonning 24,1 million dollarlik ulushi bilan hayotga tatbiq etilayotgan ushbu loyihaning tajriba-sinov shaharlari sifatida Yangiyo`l, Kogon va Chortoq belgilangan. 2019—2021 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar natijasida Chortoq zamonaviy infratuzilmaga ega obod ekoshaharga aylanishi ko`zda tutilgan.






