Surxondaryo viloyatida bundan 9 yil avval tugatilgan Bandixon tumani qayta tiklanadi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirildi.
Hujjatga ko`ra, Surxondaryo viloyatining Bandixon tumani qayta tiklanib, Qiziriq va Boysun tumanlari chegaralari o`zgartirilishi mumkin.
Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani hududidagi “Bandixon”, “Bektepa”, “Obod turmush”, “Polvontosh”, “Saroy”, “Birdamlik”, “Chinor”, “Paxtakor”, “Navbahor”, “Farovon”, “Bahoriston”, “O`rg`ilsoy”, “Gulbog`”, “Qaldirg`och”, “Zevar”, “Xo`jaipok”, “Obod yurt” hamda “Bag`ri keng” mahalla fuqarolar yig`inlarini (umumiy er maydoni 20531 gektar) hamda Boysun tumanining “Sayrob” va “G`ayrat” massivlaridan (umumiy er maydoni 17360 gektar) qayta tiklanayotgan Bandixon tumani tarkibiga o`tkaziladi.
Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Boysun tumanlari hududidan Bandixon tumani hududiga o`tkazilayotgan er maydoni chegaralarining tavsifi va chizma shakllari tasdiqlanadi.
Ma`lumot uchun:
Hukumatning 2010 yil 24 dekabrdagi qarori bilan Surxondaryo viloyatining Bandixon tumani tugatilib, uning hududi Qiziriq tumaniga birlashtirilgan.






