AsosiyJamiyat

Yangi "Qizil kitob" tayyorlanmoqda

'Yangi "Qizil kitob" tayyorlanmoqda'ning rasmi

"O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida “Qizil kitob“ning navbatdagi nashrini chop etish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma`lumot berildi", - deya xabar beradi O`zA.

Fanlar akademiyasi vise-prezidenti, akademik Baxtiyor Ibragimov va boshqalar “Qizil kitob“ni yuritishda, respublikamizda yo`qolib borayotgan kamyob, noyob o`simlik turlarini saqlab qolish uchun muhim muammolarni hal qilishda Botanika instituti olimlari tadqiqotlarining roli muhim ahamiyat kasb etayotganini ta`kidladi.

“Qizil kitob“ning oldingi nashri 2009 yilda chop etilgan bo`lib, undagi mavjud ma`lumotlar “ma`nan eskirgan”ligi sababli, so`nggi 10 yil mobaynidagi tadqiqot natijalari umumlashtirilib, o`simlik turlarining bugungi kundagi zamonaviy holati bo`yicha ma`lumotlarni keng ommaga taqdim etish uchun “Qizil kitob“ning yangi nashrini chop etish zarurati tug`ildi. 2019 yilning oxirigacha chop etilishi rejalashtirilayotgan yangi tahrirdagi “Qizil kitob“ga amaldagi “Qizil kitob“ ro`yxatidan 8 ta tur chiqarilgan holda 15 tur kiritilganligining guvohi bo`lishimiz mumkin. Ushbu yangi nashr umumiy muhofazaga muhtoj bo`lgan, yo`qolib ketish arafasida turgan kamyob 314 o`simlik turlarini o`z ichiga olgan.

– O`zR FA Zoologiya instituti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida “Qizil kitob“ning navbatdagi soniga kiritiladigan va undan chiqariladigan turlar to`g`risida ilmiy ma`lumotlar yig`ildi, ushbu ma`lumotlarni tahlil etish bilan bir vaqtda rasmiy nashrlarga kiritish uchun har bir turlar bo`yicha suratli ilmiy maqolalar tayyorlandi, – deydi Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining bosh ilmiy xodimi Jaloliddin Azimov. – Shuningdek, bu davr ichida O`zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi“ning hayvonot dunyosiga oid ikkinchi qismi nashrga tayyor holatga keltirildi.

“Qizil kitob“ning amaldagi – 2009 yildagi nashriga jami 188 ta tur (kenja turlar bilan birga) kiritilgan. Ulardan 23 tasi (kenja turlar bilan 24) sut emizuvchilar, 48 tasi (kenja turlar bilan 51) qushlar, 16 tasi sudralib yuruvchilar, 17 tasi (kenja turlar bilan 18) baliqlar, 3 tasi halqasimon chuvalchanglar, 14 tasi (kenja turlar bilan 15) mollyuskalar va 60 tasi (kenja turlar bilan 61) bo`g`imoyoqlilar.

Mutaxassislarning ma`lumotlariga ko`ra, yangi tahrirdagi “Qizil kitob“ning noyob va yo`qolib ketish xavfi ostida turgan turlari ro`yxatiga 21 turdagi hayvonlar – umurtqasiz hayvonlarning 5 turi, sudralib yuruvchilarning 5 turi, qushlarning 4 turi va sut emizuvchilarning 7 turini kiritish va 12 turdagi hayvonot olami ob`ektlarining so`nggi bir necha yil ichidagi holati to`g`risidagi olingan ma`lumotlarga muvofiq milliy darajada turlarning kamyoblik maqomini o`zgartirish yuzasidan xulosalar tayyorlandi.

    Boshqa yangiliklar