Ichki ishlar vazirligi haydovchilarning mastligini qanday aniqlash borasidagi savollarga javob berdi...
1. Qaysi holatlar haydovchini mast holda ekanligini tekshirish mumkin?
👉 haydovchining og`iz bo`shlig`idan alkogol hidi kelsa;
👉haydovchi bir holatda to`g`ri tura olmasa (chayqalib turishi);
👉haydovchining nutqi buzilsa;
👉haydovchi qo`l barmoqlari qaltirasa;
👉haydovchi yuz terisi rangi sezilarli o`zgargan bo`lsa.
2. Alkogoldan mastlik holati qanday aniqlanadi?
Bu 2 xil usulda amalga oshiriladi:
👉 Maxsus texnik vosita — alkotester yordamida;
👉 Tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy tekshiruvdan o`tkazish orqali.
3. Mastlik holatini tekshirishda xolislar bo`lishi kerakmi?
Ha, kamida 2 nafar xolis bo`lishi shart. Agar, davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimi kuzatuv kamerasi (body camera)dan foydalangan holda tekshiruvni o`tkazgan bo`lsa, xolis bo`lishi shart emas.
4. Tekshiruvdan o`tishdan bo`yin tovlasa nima bo`ladi?
Ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 yilu 6 oydan 3 yilgacha bo`lgan muddatga “prava”dan mahrum qilinadi va 3 345 000 so`m miqdorida jarimaga tortiladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik “prava”si yo`q shaxs tomonidan sodir etilsa, 6 690 000 so`m miqdorida jarima yoki 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi qo`llaniladi.
5. Velosiped haydovchisi ham mastlik bo`yicha tekshirilishi mumkinmi?
Albatta, tekshirishdan bo`yin tovlagan taqdirda, unga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 669 000 so`m miqdorda jarima qo`llaniladi.
6. Haydovchi alkotester yordamida tekshirilganda, alkogol ta`siridan mast ekanligi aniqlanmasa, biroq giyohvandlik vositalari ta`siridan yoki o`zgacha tarzda mast holatda ekanligi belgilari mavjud bo`lsa, nima bo`ladi?
Ushbu holatda shaxs tibbiy tekshiruvga olib boriladi.
Haydovchi narkologik dispanserlarda narkologlar tomonidan yoki tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida maxsus tayyorgarlikdan o`tgan shifokorlar tomonidan tekshiriladi.
7. Tibbiy tekshiruv qancha vaqt ichida o`tkaziladi.
Transport vositasi haydovchisi to`xtatilgan (yo`l-transport hodisasi ro`y bergan) paytdan boshlab uzog`i bilan 1 soat ichida tibbiy tekshiruvdan o`tkaziladi.
8. Shaxs qachon alkogol mahsulot ta`sirida mast bo`lgan deb topiladi?
👉 Haydovchisi tomonidan chiqarilgan havodagi etanol bug`lari konsentrasiyasi ko`rsatkichi 0,135 milligramm va undan yuqori bo`lgan hollarda (alkotester yordamida aniqlanadi);
👉 Alkogol mahsulotining qondagi konsentrasiyasi 0,3 promille va undan ortiq bo`lganda (tibbiyot muassasasida aniqlanadi).
9. Tibbiy tekshiruv xulosasiga nisbatan e`tirozlar mavjud bo`lsa-chi?
Bunday holda haydovchi boshqa tibbiyot muassasasida qayta tibbiy tekshiruvdan o`tkazilishini talab qilishga haqli.
Qayta tibbiy tekshiruvdan o`tkazish mastlik alomatlari aniqlangan yoki yo`l-transport hodisasi sodir etilgan vaqtdan e`tiboran 2 soat ichida boshqa yaqin masofada joylashgan tibbiyot muassasasida amalga oshiriladi.
10. Mastlik holati tasdiqlanganda qanday javobgarlik chorasi qo`llaniladi?
Ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 yilu 6 oydan 3 yilgacha bo`lgan muddatga “prava”dan mahrum qilinadi va 5 575 000 so`m miqdorida jarimaga tortiladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik “prava”si yo`q shaxs tomonidan sodir etilsa, 8 920 000 so`m miqdorida jarima yoki 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi qo`llaniladi.