AsosiyJamiyat

Jizzaxda bojxona imtiyozlari asosida olib kelingan zamonaviy uskunalar ko`zdan kechirildi

'Jizzaxda bojxona imtiyozlari asosida olib kelingan zamonaviy uskunalar ko`zdan kechirildi'ning rasmi

Qishloq xo`jaligida tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni jalb qilish va buni rag`batlantirish bugungi asosiy vazifalardan biri etib belgilab qo`yilgan. Qolaversa, paxta xom ashyosi etishtirishning samarali usullarini joriy etish, urug`lik xom ashyo ishlab chiqarish, uni qayta ishlash va tayyorlash, shuningdek, boshqa turdagi qishloq xo`jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash asosida ularni ishlab chiqarishni tashkil etish masalalariga ham alohida e`tibor qaratib kelinmoqda. 

Bu borada O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 noyabrdagi “Jizzax viloyatida zamonaviy agroklaster tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida” gi PQ-4009-sonli Qarori qabul qilindi. Shunga asosan, 2018 yilning 8 may kuni O`zbekiston Respublikasi va AQSh kompaniyalari ishtirokida “Silverleafe Agriculture” savdo belgisi nomi ostida zamonaviy qo`shma korxona tashkil etildi hamda to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar hisobiga agroklaster tashkil etish uchun 2000 gektar er maydoni ajratib berildi.

Jizzax viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan mazkur agoroklaster faoliyati bilan tanishish, u erda bojxona sohasiga doir turli muammolar yuzaga kelishining oldini olish va kelgusida o`zaro hamkorlikdagi vazifalarni belgilab olish maqsadida korxonaga tashrif buyurildi.

Tashrif davomida salkam 44 milliard so`mlik bojxona imtiyozlari asosida korxonaga olib kelingan zamonaviy uskunalarning ishlash jarayoni ham ko`zdan kechirildi. Bugungi kunda korxonada zamonaviy qishloq xo`jalik texnikalari, jumladan, AQSh, Germaniya, Fransiya, Kanada hamda Braziliyada ishlab chiqarilgan 22 tadan ortiq “JOHN DEERE” va“JCB” rusumidagi ko`p funksiyali traktorlari, paxta terish mashinalari hamda 28 ta erga ishlov beruvchi agregatlari (yordamchi moslamalari), ehtiyot qismlari keltirilgan va hozirda ulardan samarali foydalanib kelinmoqda.

Keyingi manzil “Paxtakor paxta tozalash” zavodi bo`ldi. Bu erda zamonaviy qishloq xo`jaligi texnikalari yordamida terib olingan paxta xom ashyosi avtomatik qurilmalar yordamida toza va qayta ishlab chiqarishga tayyor mahsulot ko`rinishiga keltiriladi.

Ma`lumot tarzida aytish joiz, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 martdagi “Paxta-to`qimachilik ishlab chiqarishlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risidagi 230-sonli Qaroriga asosan, “Silverleafe Agriculture” savdo belgisi nomi ostidagi qo`shma korxonaga Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidan katta miqdorda er maydoni ajratilishi belgilandi.

Bugungi kunda, ushbu paxta tozalash zavodini modernizasiya qilish maqsadida 5 mlrd. so`m miqdoridagi ta`mirlash ishlari amalga oshirildi hamda xorijdan 380,0 ming AQSh dollari miqdoriga teng bo`lgan ishlab chiqarish liniyalari, uskunalar va ehtiyot qismlari bojxona imtiyozlari asosida olib kelindi. 

Bojxona xodimlari agroklasterning bugungi faoliyatini o`rganish, bojxona sohasida ularga berilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlarni tushuntirish bilan birga, korxonaning kelajakdagi rejali ishlari bilan tanishib chiqishdi. 

Xususan, kelgusida qo`shma korxona tomonidan Paxtakor tumanida zamonaviy “Pulsar” sug`orish tizimini joriy etish orqali paxta hosildorligini oshirish rejalashtirilmoqda. Bu usulda sug`orish loyihasiga esa 100 million AQSh dollari miqdoridagi qo`shimcha investisiya mablag`lari jalb etiladi. 

Shuningdek, klaster loyihasi doirasida tayyor mahsulotlar “Piter Millar”, “Kostko” hamda “Target” nomli kompaniyalarining buyurtmasiga asosan AQSh va Evropa bozorlariga eksport qilinadi. Bu orqali tumanning eksport salohiyatini oshirish va valyuta mablag`lari tushumining ko`payishiga erishiladi. 

Aytishimiz mumkinki, bu kabi qulay sharoitlar va engilliklar samarasi o`laroq, viloyatning qishloq xo`jaligi salohiyati kun sayin rivojlanib, jahon bozorida mamlakatimiz mahsulotlariga bo`lgan talab tobora ortib borishi shubhasiz. Albatta bu yutuqlar bilan cheklanib qolmasdan, ishlab chiqarish hajmini yanada kuchaytirish va bu mahsulotlarni ko`pgina boshqa mamlakatlarga ham eksport qilish ishlarini yo`lga qo`yish maqsadga muvofiqdir. Bu yo`lda bojxona xodimlari ham o`z vakolati doirasida tadbirkorlarga yordam berishga va ularni qo`llab-quvvatlashga hamisha tayyor.

 

    Boshqa yangiliklar