Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan ular tomonidan kassa operasiyalarini amalga oshirish qoidalariga tegishli o`zgartirishlar kiritildi, deb xabar beradi Norma.
Xususan, quyidagilar bekor qilindi:
- kassada ikkita: qimmatliklarni saqlash xonasi va kassa operasiyalarini amalga oshirish xonasi bo`lishi zarurligi sharti;
- binoning birinchi qavatida yoki oraliq qavatida joylashishi to`g`risidagi shart;
- kassa xonalari devorlari va eshiklarining muayyan qalinlikda bo`lishi to`g`risidagi shart va boshqalar.
Kassa xonalariga moddiy javobgar shaxslarning biometrik belgilariga: barmoq izi, ko`z gavhari, tovush diapazoni va boshqalarga qarab identifikasiya qilishga qodir bo`lgan eshiklar o`rnatilishi mumkin.
Bundan tashqari, kassadagi naqd pul qoldig`ining belgilangan limitidan ortiqcha bo`lgan qismini bankdagi hisobvaraqlarga kiritish uchun bankka topshirish tartibi to`g`risidagi bandga tuzatish kiritildi. Lombardlar va mikrokredit tashkilotlari naqd pullarni inkassasiya xizmatlari orqali yoki mustaqil ravishda topshirishlari belgilandi. Eslatib o`tamiz, 2018 yil 1 noyabrdan quyidagi qoidalar amal qilmoqda: xo`jalik yurituvchi sub`ektlar naqd pulni kunlik o`rtacha naqd pul tushum 20 BHMdan ortiq bo`lganda har kuni, kam bo`lganda esa o`zlari belgilagan muddatlarda topshiradilar