”Nozim Safari: “Faol deputatlar nomzodlari ro`yxatdan olib tushlandi. Bu G`anievning qasdi yoki Iqbol Mirzoning nomzodi ilgari surilgani sabab...”
Bugunning eng muhim siyosiy jarayoni bu, albatta, saylov. Ayni paytda faoliyat yuritayotgan deputatlar faolligi bir qadar ko`zga ko`ringani kabi jarayonlarga jamoatchilikning xolis munosabatlari ham tobora oshgan. Bir muddat oldin faol bloger Nozim Safari deputatlar ro`yxatini hokimlar shakllantirayotgani borasida o`nlab murojaatlar kelayotgani haqida aytgandi. Ayni paytda bu yilgi saylov uchun nomzodlar ro`yxati tasdiqlanib bo`lgan ekan, Safari yana bir marta bu mavzuga qaytishga majbur bo`ldi:
"Nega jonkuyar va tanqid qilishdan qo`rqmaydigan jur`atli deputatlarimiz saylovga qo`yilmayapti?
Men shaxsan tanigan bir qator faol deputatlar nomzodlari saylanadigan deputatlar ro`yxatidan olib tashlangani rostini aytsam meni chuqur taassufga soldi. Ushbu deputatlarni hoynaxoy ko`pchilik taniydi:
Abdurashid Abduqodirov, so`ngi yillar deputat Kusherbaev bilan ajoyib tandem yaratgan edi. Tonirovka, faralar, darpardalar kabi ko`plab mavzularni ushbu ikki deputat ko`tarib chiqib, uni samarali yakun topishiga xizmat qilishgan. Aslini aytganda Abdurashid aka ko`pincha sahna ortida qolib ketsada Kusherbaevdan kamroq xizmatlari singmagan. Farg`onalik ushbu deputat anchadan buyon viloyat hokimining ko`ziga yomon ko`rinib yurgandi. Uning saylovga qo`yilmaganligini yo G`anievning qasdi yoki negadir senator Iqbol Mirzoning uni o`rniga nomzodi ilgari surilgani sabab deya baholash mumkin. Senator va Xalq shoirining bir pog`onapastlayotgani boshqa mavzu. Bu menga ham qiziq. (Aslida Kusherbaevni ham mega mashxurligi sabab noroziliklar uyg`onmasin deb qo`rqib, o`tkazvorishdi. Yo`qsa u ham saylovga qo`yilmasdi)
Shayxontohur tumanidan deputat Bobirjan Rasulov televidenie orqali otashin chiqishlari bilan tanilgan. Gapirishga, tanqid qilishga qo`rqmaydigan mard va xalqparvar inson. Keng salohiyatli tadbirkor va shifokor. Uning nomzodini hatto tuman kengashiga ham ravo ko`rishmadi.
Nuriddin Zayniddinov, Uchtepa tumanidanidan yosh deputatlarimizdan. U ham ijtimoiy tarmoqlarda va televidenieda juda faol edi. O`zaro suxbatlarda yonib kuyib gapirishlaridan xalq dardida yonayotganiga shubha qilmaganman. Progressiv fikrlaydigan, ishlashni istaydigan deputat edi. Uni shahar kengashiga ravo ko`rishmadi.
Aslida ushbu deputatlaring bari Qonunchilik palatasiga munosib.
Va negadir ko`plab mazkur deputatlarga o`xshagan boshqa deputatlarimiz nomzodi tasdiqlanmadi. Xuddiki kimdir qachondir tanqid bilan chiqqan faol qaysiki deputat bor barini familiyasini ro`yxattan qasddan o`chirgan. O`rniga o`ta loyal, ovozi chiqmaydigan, nima desa shuni qiladigan maktab, bog`cha mudirlari va byudjet tashkilotlari a`zolari qo`yilgan. Nega?
Bir biridan mustaqil ikki manbaning bizga ma`lum qilishicha, ro`yxatlarga shahar hokimiyati yana aralashmoqda. Org. otdeldagilar o`tirib olib partiyalar shakllantirgan ro`yxatlarni o`zlari bilganlaricha o`zgartirishgan. Nima haqqingiz bor? Partiyalarni nega tinch qo`ymaysizlar? Shu o`rinda partiyalarga ham murojaat: Sal jur`atli bo`linglar o`rtoqlar. Birinchi hokimiyat ekanligingizni unutmang! Keyingi avlod sizlarni yaxshi so`zlar bilan eslamasligi imkoniyatini oshirmang iltimos.
Hokimiyatlardan partiyalarni ham himoya qilish kerak bo`lyapti shekil. Qachon ularning vakolati tartibga solinadi? Qachon ular demokratiyani bug`ishdan to`xtashadi? Qachon normal parlamentga, ishlaydigan deputatlarga ega bo`lamiz? Qachon odam bo`lamiz?
Davlat rahbari bizga faol, tanqidiy va samarali parlament zarurligini bir necha marta aytgan edi. Xalq ham shuni kutmoqda. Amalda esa Prezident va xalqning talab va istaklariga qarshi chiqib, islohotlar oyog`iga ochiqdan ochiq kishan solishmoqda.
Bu ketishda saylov shiorini o`zgartirish kerakka o`xshaydi. "Yangi saylovlar - yangi O`zbekiston" emas. "Yangi saylovlar - eski O`zbekiston!"
P/S: munosabatlar o`z holida tuzatishsizlarsiz berildi