Qoraqalpoq zaminidan azaldan betaktor iste`dodlar vatani bo`lib kelgan. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artisti Jenisbek Piyazov ham ana shunday iqtidorli yoshlardan biri. Jenisbek bilan suhbatimiz konsert berish uchun Qozog`istonning Ostona shahriga jo`nab ketayotgan paytiga to`g`ri keldi.
- Jenisbek, operani musiqa san`atining eng murakkab turlaridan biri deyishadi. San`atning ushbu yo`nalishini tanlashingizning sababi nima?
- Avvalo, san`atga mehr qonimda bor. Chunki bobom O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, Qoraqalpog`iston xalq artisti Zinel piyazov uzoq yillar Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatrida faoliyat ko`rsatgan, o`ziga xos ovoz sohibi bo`lgan. Shu sababli bo`lsa kerak, dastlab Nukus Madaniyat va san`at kollejida, ayni paytda esa O`zbekiston Davlat konservatoriyasida tahsil olyapman. Qolaversa, Qoraqalpoq zaminidan juda ko`p opera xonandalari etishib chiqqan. Ko`p e`tibor qilganman. Biz tomonda odamlar alaqanday baland,yo`g`on tovushda gapirishadi. Bu ovoz opera talablariga mos. Shuning uchun qoraqalpoqlarning har birida opera xonandaligi bo`yicha salgina bo`lsa ham iqtidor bo`lsa kerak, deb o`ylayman (kuladi).
- Opera uchun ovozni juda ehtiyot qilish kerak, deyishadi, to`g`rimi?
- Bilmadim. Men shaxsan, ovozimni ehtiyot qilish uchun harakat ham qilmayman. Ko`nglim tusagan narsani eyman. Sovuqdan ham uncha qo`rqmayman. Shu paytgacha ovozimga biror zarar etgan paytni eslolmayman.
- Odatda opera xonandalari xiyla gavdali bo`lishardi.
- To`g`ri, ancha ozg`inman (kuladi). Lekin sizning fikringizga qo`shilolmayman. Ovoz bilan insonning vazni o`rtasida biror bog`liqlik bor deb o`ylamayman.
- Operaning ixlosmandlari estrada yo boshqa yo`nalishlarning muxlislariga nisbatan kamchilikni tashkil etadi.
- Inson o`zi xohlagan, o`zi to`g`ri deb bilgan yo`ldan borishi kerak. Shaxsan men estrada yo`nalishida ham, hatto rep, rok yo`nalishlarida ham kylab ko`rdim. Lekin o`zimni operada topdim. Ustozlarim ham shu yo`lni maslahat berishdi.
- Hayotingizda eng katta burilish yasagan voqeani ayta olasizmi?
- 2007 yilda yosh opera ijrochilarining respublika ko`rik-tanlovida birinchilikni egallagandim. Shu g`oliblik sababli konservatoriyaga o`qishga imtihonsiz qabul qilindim. Ko`pgina mamlakat va xalqaro miqyosdagi ko`rik-tanlovlarda ishtirok etib kelyapman. Xususan, 2012 yilda Moskvada o`tkazilgan Muslim Magomaev nomidagi operachilar tanlovida gran-priga sazovor bo`lganman. Holbuki, bir avval va bir yil keyin ushbu tanlovda bu yuksak mukofotni hech kim ololmagan.
- Shuning uchun ham o`g`lingizning ismini Muslim deb qo`ygan ekansiz-da?
- To`g`ri, bundan tashqari mashhur xonanda Muslim Magomaev ijodiga qiziqishim va hurmatim baland. U ijro etgan qo`shiqlarni maroq bilan tinglayman.
-2 3 yoshingizda Qoraqalpog`istonda xizmat ko`rsatgan artist, 25 yoshda O`zbekistonda xizmta ko`rsatgan artist unvonlariga sazovor bo`ldingiz. O`zingizni omadli ekaningizga ishonasizmi?
- Albatta. Omad aslida nima? Bu kerak paytda, kerak joyda bo`la olish demakdir. Menimcha bu ishni uddalay olyapman. Sizga bir misol aytaman. Talabalik paytimizda yotoqxonamizda shanbalik o`tkazildi. Hamma kursdoshlar kun bo`yi tinim bilmay ishlashdi. Men esa, bir tanlovga tayyorgarlik ko`rayotgandim. Shunday bo`lsa-da, xonamizda bir gilamchani qoqib kelish uchun pastga tushgandim. Hovlida dekanimizni ko`rib qoldim. O`sha kuni kechqurun majlis bo`ldi. Kun bo`yi terga botgan kursdoshlarimiz qolib, asosiy maqtovni men eshitganman (kuladi).
- Xorijiy mamlakatlarda ko`p bo`lasiz. Vatan sog`inchini boshqalardan ko`proq his etsangiz kerak.
- Albatta, bu sog`inch samolyot erdan uzilishi bilan boshlanadi. Shu paytga qadar dunyoning o`ndan ortiq mamlakatida bo`ldik. Turfa odamlar bilan hamsuhbat bo`lganman. Dunyodagi hech bir mamlakat bizning ona yurtimizga teng kelolmaydi. Bizning xalqimizga xos mehr-oqibat, mehmondo`stlik, insonparvarlik xislatlarini boshqa erda uchratish qiyin. Yurtimizning har qarich eri oltinga barobar. Bu zaminda etishtirilgan noz-ne`matlarni Er yuzining boshqa mintaqalarida uchramaydi.
- Yurtimizdagi ulkan o`zgarishlarni ko`rib, ko`pincha dilimizdan “kecha kim edigu, bugun kim bo`ldik?” degan savol o`tadi.
- Men Sobiq tuzumning so`nggi yillarida tug`ilgan bo`lsam-da, istiqlol davrida esimni tanidim, o`sib-ulg`aydim. Yurtimizning sobiq tuzum davridagi hayotini katta avlod vakillarining hikoyalaridan eshitib o`rganganman. Aynan istiqlol davrida kamol topganim – Katta yutug`im. Aks holda men hozirgidek ulkan g`alabalarni qo`lga kiritolmasdim. Dunyoning nufuzli sahnalarida O`zbekiston farzandi sifatida o`z kuchim va imkoniyatlarimni namoyon etolmasdim.
- Agar dunyoning eng mashhur shaharlarida yashab ijod qilish uchun qulay imkoniyat tug`ilsa...
- Bunaqa imkoniyat ko`p bo`ldi. Lekin, men uchun biror bir mamlakat, biror shahar ona yurtimning o`rnini bosa olmaydi. Bu erda o`qish, ijod qilish, yashash uchun barcha sharoitlar muhayyo. Shu bois bu boradagi takliflarni rad etganman.
- Ona shahringiz Nukusga tez-tez borib turasizmi?
- Talabalik paytimda ko`proq borardim. Ba`zan ota-onam ham “hadeb kelaverma, bolam, yo`l uzoq, o`qishing qop ketmasin” deb tanbeh berishardi (kuladi). Hozir o`qish, ijod, gastrollar... Lekin vaqt topdim deguncha albatta boraman. Toshkentda ko`proq tursam Nukusni, Nukusda ko`proq qolib ketsam, Toshkentni sog`ina boshlayman. Har ikki shahar men uchun qadrdon. Nukusda kindik qonim to`kilgan bo`lsa, Toshkentda bilim olim, kamol topdim, yuksak natijalarga erishdim.
- Kechagi va bugungi kuningizni solishtirib ko`rasizmi? Kecha hamma qatori oddiy yigit edingiz, bugun el tanigan san`atkor... Yurish-turishingizda, fe`l-atvoringizda biror o`zgarish sezasizmi?
- Menimcha, men o`sha-o`sha Jenisbekman. Muomalam ham, yurish-turishim ham o`zgargani yo`q. O`sha paytda kimni do`st deb bilsam, hozir ham do`stona munosabatdaman. Betgachoparligim bor. Shu bois, ko`nglimga yoqmagan odamlar bilan shartta aloqani uzaman qo`yaman.
- Lekin bu odat insonga ko`p hollarda pand beradi.
- Rost, bu fe`lim menga pand bergan paytlar ham bo`lgan. Bolaligimda ham ko`pchilik tengdoshlarim bilan kelisholmasdim. Ko`p janjallashardim. Buni yuzimdagi sezilar-sezilmas chandiqlar ham tasdiqlaydi (kuladi). Lekin, nima qilay? Bu fe`limni o`zgartirolmayman-da?
- Bugun taniqli xonandalar orasida o`zini kinoda sinab ko`rmaganlar yo`q hisobi. Sizga ham takliflar bo`lgandir?
- Hozircha taklif bo`lgani yo`q. Lekin bo`lsa yo`q demasdim. Har qalay opera san`ati aktyorlik mahoratini ham talab etadi. Opera xonandalari uchun alohida aktyorlik mahorati darslari ham o`tiladi. Kinoda rol o`ynash qo`limda kelsa kerak deb o`ylayman.
-O pera qo`shiqlari ko`pincha boshqa tilarda kuylanadi. Siz ushbu tillardan xabardormisiz?
- Xorijiy sahnalarda asosan italyan tilidagi partiyalarni ijro etaman. Albatta har bir so`zning talaffuziga va ma`nosiga e`tibor qarataman. Tushunmagan so`zlarimning ma`nosini elektron lug`atlar yordamida bilib olaman. Shuningdek, o`zbek, qoraqalpoq tilidagi partiyalarni ham ko`p ijro etaman.
- Oxirgi marotaba yig`lagan paytingizni eslay olasizmi?
- Yo`q, eslolmayman. Biroq voqeadan qattiq ta`sirlanishim mumkin. Lekin, uncha-munchada ko`zimga yosh kelmaydi. O`ta ta`sirchan sahnalarni ijro etganimda ham ko`zimga yosh kelmaydi. Chunki, operachi yig`lashi emas, yig`latishi kerak.
- Siz o`zingizga ko`zlagan cho`qqini zabt eta oldingizmi yo hali oldinda bundan ham katta rejalar bormi?
- Oyni ko`zlasang cho`qqiga chiqasan, deyishadi. Avval, shu qadar yuksak mukofotlarga loyiq ko`rilganim uchun muhtaram Yurtboshimizdan minnatdorman. Bu ishonchni oqlash uchun hali juda ko`p izlanishim, yurtimiz shon-sharafini yanada yuksaklaga ko`tarishim uchun hali ko`p izlanishim lozim. Jahonda mashhur “Metropoliten”, La Skala” opera teatrlarida konsert berish niyatim bor.
- Barcha orzu va maqsadlaringiz amalga oshishiga tilakdoshmiz.
R.Jabborov suhbatlashdi





