1

Davlat test markazida yangilik bor

Jamiyat 09.11.2019, 23:13
Davlat test markazida yangilik  bor

O`zbekistonda test tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Testologiya va pedagogik o`lchovlar, chet tilidan malaka oshirish kurslarini tashkil etish hamda sohada etakchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish, Markaziy Osiyoda testologiya bo`yicha mintaqaviy ilmiy maktab yaratish maqsadida Davlat test markazi qoshida “Ilmiy-o`quv amaliy markaz” davlat unitar korxonasi tashkil etiladi.

Quyidagilar Ilmiy-o`quv amaliy markazining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

test materiallarini ishlab chiqish va ularning sifatini aniqlash, testologiya va pedagogik o`lchovlar sohasidagi ilmiy tadqiqot natijalarini nashr etish;

test materiallarini ishlab chiqish va ularning sifatini aniqlash bo`yicha mutaxassislar – testologlarni tayyorlash, shuningdek, bu borada mahalliy va xalqaro oliy ta`lim muassasalari bilan o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish;

shartnoma asosida qisqa va uzoq muddatli testologiya, pedagogik o`lchovlar, chet tillari bo`yicha tinglovchilarning malakasini oshirish, diagnostik test sinovlarini tashkil etish;

testologiya va pedagogik o`lchovlar sohasida ilmiy izlanish olib boruvchi shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, xorij tajribalarni o`rganish asosida milliy tizimni yaratishga takliflar berish;

xalqaro imtihon oluvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda imtihonlarni tashkil etish va o`tkazish.

Ilmiy-o`quv amaliy markaz faoliyati shartnoma bo`yicha jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko`rsatishdan tushgan mablag`lar hisobiga hamda zarurat bo`lganda Davlat test markazining rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Respublika hududlarida test sinovlarini o`tkazishga mo`ljallangan katta sig`imli bino va inshootlarni qurish uchun Davlat test markazi huzurida “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi tashkil etiladi.

Injiniring kompaniyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

test sinovlari o`tkazilishi belgilangan katta sig`imli bino va inshootlarning namunaviy eskiz loyihasini belgilangan tartibda tayyorlash;

qurilish-pudrat tashkilotini tanlash bo`yicha tender (tanlov) savdolarini tashkil etish va o`tkazish;

qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish va ob`ektlarni qabul qilib olish.

Davlat test markazi hamda O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2020 yil 1 yanvardan boshlab yagona tarif setkasi bo`yicha mehnatga haq to`lashning tasdiqlangan razryadlariga ko`ra Davlat test markazi boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffisientlarini ikki yarim baravar miqdorida qo`llash hamda bu bilan bog`liq qo`shimcha xarajatlarni Davlat test markazi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan qoplash to`g`risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1