Toshkent shahar Sergeli tumani 2-dahasida joylashgan “Sergeli kichik sanoat zonasi” hududida yong`in sodir bo`lgan.
2019 yilning 8 noyabr kuni soat 17:52da kelib tushgan xabar asosida voqea joyiga dastlab avtomatik ravishda 4 ta yong`in o`chirish bo`linmalari yuborilgan. Birinchi bo`linmalar chaqirilgan manzilga soat 17:57 da etib borgan vaqtda ishlab chiqarish sexlari joylashgan binoning ikkinchi qavati ochiq alanga bilan yonayotganligi ma`lum bo`lgan. Toshkent shahridagi yuqori qavatli binolarga o`rnatilgan videokuzatuv moslamalari orqali voqea joyi kuzatilishi hamda voqea joyidagi yong`in o`chirish rahbari tomonidan tasdiqlangan II yuqori chaqiriq bo`yicha qo`shimcha ravishda 6 ta asosiy yong`in o`chirish texnikalari jalb etilgan.
Ko`rilgan tezkor harakatlar natijasida yong`in soat 19:46 da qurshab olinib, soat 20:20 da to`liq bartaraf etilgan. Yong`in oqibatida “Sergeli kichik sanoat zonasi” hududidagi “Magna-mebel” MChJga qarashli mebel ishlab chiqarish sexi va “Useful-biznes-grup” sintefon ishlab chiqarish sexining 1500 kv.metr maydonda tomi va ichki qismilari yonib zararlangan. Yong`indan ob`ektning 15500 kv.metr maydoni saqlab qolingan hamda alanga hududdagi qo`shni tadbirkorlik ob`ektlariga o`tib ketishi oldi olingan.
Tan jarohati olganlar va halok bo`lganlar qayd etilmagan. Yong`in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda, deya xabar beradi O`zbekiston Respublikasi FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo`linmasi.