Joriy yilning 8 noyabr kuni “Kun.uz” internet nashrida “Auksionda sotilgan ferma mashmashasi. Tadbirkor hozir nega qamoqda?" deya nomlangan maqola e`lon qilindi. Holat yuzasidan «Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» DUK munosabat bildirdi.
«Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» DUK o`z munosabatida OAV, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda elektron onlayn-auksionlarda sotib olingan mol-mulklar bilan bog`liq bahsli jarayonlar, g`olib bilan bog`liq muammolarning yuzaga kelayotganini qayd etilishi “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida o`tkazilayotgan shaffof hamda ochiq auksionlarga nisbatan aholi o`rtasida salbiy qarashlar va shubhali fikrlarning yuzaga kelishiga sabab bo`layotgani ta`kidlangan.
Maqolada keltirilgan holat yuzasidan DUKning munosabati quyidagicha.
"MIB Oltinko`l tuman bo`limi qarori bilan 200 million so`m boshlang`ich narx belgilangan “Arg’umon oltinko’l” fermer xo`jaligiga tegishli bino-inshootlar elektron savdo maydonchasiga sotish uchun joylashtirilgan. Ochiqlikni ta`minlash maqsadida ushbu lot xabarnomasi 15 kun davomida barcha fuqarolar uchun ariza berish imkoniyati yaratilgan holda e-auksion.uz saytiga qo`yilgan.
2019 yil 3 iyun kuni narxi oshib borish tartibida o`tkazilgan auksion savdosida 3 nafar ishtirokchi qatnashgan. Murosasiz o`tgan auksionda lot boshlang`ich narxi qariyb 11 qadamga oshirilib, natijada 326 million so`mga sotib olishni taklif qilgan “Yuksak Brok Invest” MChJ auksion g`olibi deb topilgan va g`olibga bayonnoma rasmiylashtirib berilgan.
Markaz Nizom asosida o`tkazilgan har bir auksionning insofli g`olibi manfaatlari himoya qilinishi tarafdoridir.
Shu bilan birgalikda, yuqorida keltirilgan Nizomda auksion ob`ekti bilan bog`liq bo`lgan masalalar va nizolar sud tomonidan auksion g`olibining qonuniy manfaatlari hamda elektron onlayn-auksionda oldi-sotdi shartnomasi tuzilganligini inobatga olgan holda ko`rib chiqilishi, O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida mol-mulk sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotilgan hamda mulk insofli egallovchi tomonidan haq to`lab olingan hollarda talab qilib olishga yo`l qo`yilmasligi belgilangan bo`lsada, Markaz tomonidan “Yuksak Brok Invest” MChJ nomiga berilgan bayonnoma 2019 yil 26 sentyabrda Asaka tumanlararo iqtisodiy sudi qarori bilan bekor qilingan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, auksiongacha bo`lgan, auksion jarayoni va auksiondan keyingi holatlarda qonunda belgilangan talablarga amal qilmaslik, ularni qo`pol ravishda buzish, g`oliblik bayonnomasini haqiqiy emas deb topish kabi holatlarda aybdor taraflari harakatlari chuqur o`rganilishi va tegishli xulosalar chiqarilishi lozim deb bilamiz."






