AsosiyJamiyat

“Madaniyat to`g`risida”gi qonun loyihasi mas`ul qo`mitaga qaytarildi

'“Madaniyat to`g`risida”gi qonun loyihasi mas`ul qo`mitaga qaytarildi'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Madaniyat to`g`risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o`qishda ko`rib chiqdilar.

Qonun loyihasi konseptual jihatdan birinchi o`qishda ma`qullanganidan keyin unga bir qator o`zgartirishlar kiritildi. Unga 15 ta yangi modda qo`shildi. Jumladan, loyiha “Madaniyat xodimlarini ijtimoiy himoya qilish” nomli bob bilan boyitildi.

Undan tashqari, kinematografiya tashkiloti, axborot-kutubxona muassasasi, muzey, badiiy galereya, studiya, madaniyat sohasidagi ustaxona, ta`lim muassasalari, tadqiqot markazi, ta`mirlash markazi kabi tushunchalarga aniqlik kiritildi. Qonunchilikka muvofiq, ularning asosiy vazifalari aniq belgilandi.

Deputatlar O`zbekiston Respublikasidan tashqarida yashayotgan vatandoshlar bilan madaniy hamkorlik qilish to`g`risidagi norma muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidladilar. Ularning fikricha, bu milliy madaniyatimizni xorijda ham rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu bois, davlat milliy madaniy markazlar, milliy jamiyatlar, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikdagi madaniy tadbirlarni o`tkazishda amaliy ko`mak beradi.

Shuningdek, qonun loyihasida madaniyat tashkilotlariga alohida maqom berish tartibini belgilash ko`zda tutilmoqda. Demak, madaniyat sohasida muvaffaqiyatlarga erishgan, davlat va jamiyat ahamiyatiga molik davlat madaniyat tashkilotlariga, professional badiiy, ijodiy jamoalarga O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «Milliy» maqomi beriladi.

O`z sohasida etakchi bo`lgan davlat madaniyat tashkilotlariga, professional badiiy va ijodiy jamoalarga madaniyat va san`atni shakllantirish, rivojlantirish hamda targ`ib qilishga qo`shgan hissasi uchun, Madaniyat vazirligining taqdimiga binoan, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan «akademik» maqomi beriladi.

Loyihaga madaniyat tashkilotlarida ko`rsatiladigan xizmatlar uchun, xususan, chiptalar uchun narx belgilashga doir norma kiritildi. Unga ko`ra, madaniyat tashkilotlari xizmatlar uchun narx belgilashda maktabgacha yoshdagi bolalar, o`quvchi va talabalar, nogironligi bo`lgan shaxslar, pensionerlar, muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan harbiy xizmatchilar va boshqalar uchun imtiyozlar berishi mumkin.

Qonun loyihasining moddama-modda ko`rilishi jarayonida deputatlar tomonidan bir qator savollar berildi. Loyiha matnida kamchiliklar borligi ko`rsatib o`tildi. Shulardan kelib chiqib, qonun loyihasini maromiga etkazish maqsadida mas`ul qo`mitaga qaytarish taklifi bildirildi va mazkur taklif deputatlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar