AsosiyJamiyat

O`zbekiston – Turkiya: Bojxona sohasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda

'O`zbekiston – Turkiya: Bojxona sohasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda'ning rasmi

2019 yil 11-12 noyabr kunlari Toshkent shahrida O`zbekiston va Turkiya bojxona xizmatlari rahbarlari ishtirokidagi Qo`shma bojxona kengashining 1-yig`ilishi bo`lib o`tdi. 

Shu munosabat bilan O`zbekistonga Turkiya Respublikasi Savdo vaziri o`rinbosari – bojxona xizmati rahbari Riza To`na Turag`ay boshchiligidagi delegasiya tashrif buyurdi.  O`zbekiston va Turkiya o`rtasida diplomatik aloqalar o`rnatilganiga 27 yildan oshgan. Ikkala mamlakat o`rtasida o`zaro do`stlik, sheriklik va ko`p qirrali hamkorlik so`nggi yillardan yangi, yanada faol bosqichga ko`tarildi.

2017 yilning kuzida Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyovning Turkiyaga va 2018 yilning bahorida Turkiya Prezidenti R.Erdo`g`onning mamlakatimizga amalga oshirgan davlat tashriflari ham fikrimiz tasdig`idir. Mazkur tashriflar doirasida o`tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar samarasi bugun turli sohalardagi faol amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga asos bo`lib xizmat qilmoqda.

Ahamiyat bering, keyingi yillarda ikkala mamlakat ishbilarmonlari tomonidan 750 dan ziyod qo`shma korxona tashkil etildi, o`zaro savdo hajmi ikki barobarga ortdi. Jumladan, 2019 yilning o`tgan 10 oyi yakunlari bo`yicha o`zaro tovar aylanmasi hajmi salkam 1,97 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Bu esa o`tgan yilning shu davriga nisbatan 26,9% ga ko`p demakdir. Bunday sharoitda esa ikkala mamlakat bojxona xizmatlari ham samarali hamkorlik va o`zaro axborot almashinuvini yanada mustahkamlashga intilishi, tabiiy. 2018 yilning 30 aprelida O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi va Turkiya Respublikasi Bojxona va savdo vazirligi o`rtasida Qo`shma bojxona kengashining ta`sis etilishidan ko`zlangan maqsad ham aslida shu. 

Tashrifning ilk kunida ikkala mamlakat ekspertlari ishtirokida ishchi yig`ilishlari bo`lib o`tdi va unda Qo`shma bojxona kengashining dastlabki yig`ilishi kun tartibidan joy olgan muhim masalalar muhokama qilindi. 2019 yil 12 noyabr kuni esa tashrifning asosiy tadbiri - Davlat bojxona qo`mitasi Raisi Murotjon Azimov va Turkiya Respublikasi Savdo vaziri o`rinbosari – bojxona xizmati rahbari Riza To`na Turag`ay ishtirokida O`zbekiston va Turkiya bojxona xizmatlari rahbarlari Qo`shma bojxona kengashining 1-yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Kengashning ilk yig`ilishida o`zaro hamkorlikning yangi qirralarini belgilab beruvchi qator masalalar muhokama qilindi. Bunda eng avvalo, ikkala davlat bojxona xizmatlarining shartnomaviy bazasini mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shu munosabat bilan, O`zbekiston tomoni ikkala mamlakat bojxona xizmatlari o`rtasida tovarlar va transport vositalari to`g`risida dastlabki ma`lumot almashishni tashkil etish bo`yicha hamda statistika sohasida uslubiy va axborot hamkorlik qilish yuzasidan shartnomalar tuzish tashabbusini bildirdi.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o`rtasida soddalashtirilgan bojxona yo`lagini tashkil etish to`g`risidagi xalqaro shartnoma loyihasi yuzasidan ichki kelishuvga doir zaruriy tartib-taomillarni ham boshlab yuborish lozimligi qayd etildi. Yig`ilishda ma`lum qilinishicha, kelgusida tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash va nazorat qilish uchun zarur bo`lgan ma`lumotlarni o`zaro almashish bo`yicha ham hamkorlikni yo`lga qo`yish ko`zda tutilmoqda.

Tomonlar bojxona sohasida huquqni muhofaza qilish masalalarida hamkorlik qilish bo`yicha Ishchi guruh uchrashuvini o`tkazishga, qisqa muddatda 2020-2021 yillarga mo`ljallangan o`zaro harakatlar Rejasini ishlab chiqish, unda asosiy e`tiborni kontrabanda, giyohvandlik vositalari, odam savdosi va boshqa bojxona huquqbuzarliklariga qarshi kurash kabi yo`nalishlarga qaratishni kelishib oldilar. Tabiiyki, bularning barchasi ikki tomonlama savdo aylanmasining yanada ortishiga ko`maklashishi bilan bir qatorda bojxona xizmatlari faoliyatida samaradorlikning ortishiga ham hissa qo`shadi.

Uchrashuvda ta`kidlanganidek, Turkiya Respublikasi bojxona xizmati o`zining boy tarixi va ko`p yillik tajribasiga ega. Jumladan, chegara o`tkazish punktlaridagi yirik logistika terminallari faoliyatini samarali yo`lga qo`yish, bojxona sohasiga axborot texnologiyalarini keng miqyosda joriy etish, ekspress tashuvlar (kurerlik jo`natmalari) tizimidan foydalanish, xavflarni boshqarish sohasidagi o`ziga xos va ilg`or jihatlar borasida turk tajribasini almashishga e`tibor qaratiladi. Turkiya tomoni O`zbekistonning8 Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashidagi ishtirokini mamnuniyat bilan e`tirof etdi va “Bir makon, bir yo`l” tashabbusini samarali amalga oshirishda “Karvonsaroy” loyihasida ishtirok etishga chaqirdi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ikkala tomon 2020 yilda amalga oshiriladigan o`zaro hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari belgilash va ularni amalga oshirishni tizimli tashkil qilish maqsadida “Yo`l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldi. Uchrashuv yakunida O`zbekiston va Turkiya bojxona xizmatlari rahbarlari Qo`shma bojxona kengashining 1-yig`ilishi bayonnomasini imzolashdi. 

Tashrif doirasida Riza To`na Turag`ay boshchiligidagi delegasiya a`zolari Davlat bojxona qo`mitasining Bojxona ekspertizasi va tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini yuritish boshqarmasi, “Bojxona tarixi” muzeyi, Bojxona instituti va Milliy kinologiya markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Kengashning navbatdagi majlisi 2020 yilda Turkiya Respublikasida bo`lib o`tadi.

    Boshqa yangiliklar