Hozirda Moskva viloyati va shahrida 60 mingdan ortiq buxorolik mehnat migrantlari vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda. Bu haqda Buxoro viloyatida O`zbekiston va Rossiya Hukumatlari hamkorligida mehnat migrasiyasi sohasida olib borilayotgan chora-tadbirlar masalasiga bag`ishlab o`tkazilayotgan anjumanda Buxoro viloyati hokimi O`ktam Barnoev ta`kidlab o`tdi.
Anjumanda O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Rossiya mehnat va bandlik federal xizmati rahbariyati, tegishli davlat organlarining mas`ullari hamda OAV vakillari ishtirok etmoqda.
Anjumanning asosiy maqsadi O`zbekiston fuqarolarining Rossiyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishi jarayonida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish hamda mehnat migrasiyasi tizimini yanada takomillashtirish masalalariga qaratilgan.
Eslatib o`tamiz, mazkur anjuman O`zbekiston va Rossiya Hukumatlari o`rtasida 2017 yil 5 aprelda tuzilgan “Rossiya Federasiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda jo`natish va jalb qilish to`g`risida”gi Kelishuvni amalga oshirish doirasida 12-13 noyabr kunlari Buxoro viloyatida o`tkazilmoqda.