MIBning Navoiy viloyat boshqarmasi hamda shahar bo`limi xodimlari tekshiruv o`tkazishdi. Bu haqida byuroning matbuoti xizmati "Darakchi"ga xabar berdi.
Tekshirish natijasida, “Z.G” MChJ rahbari G.Zaripov jamiyatga qarashli ohak mahsulotlari ishlab chiqarish sexida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018 yildagi 22-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning 25-bandi “d” kichik bandi talablariga zid ravishda tabiiy gazdan foydalanib kelganligi aniqlandi.
Ushbu “shovvoz” Qarorning tegishli bandi talablaridan antiqa usulda “aylanib o`tdi”. Antiqaligi shundaki, jamiyatdagi “STG” gaz hisoblash uskunasiga tashqi ta`sir o`tkazib, uskunaning ichki qismiga tosh bo`laklarini tashlash orqali sarflanayotgan gazni hisoblash mexanizmini to`xtatib qo`yishga erishganligiga nima deysiz?
Byuro xodimlari tomonidan ushbu kirdikorlik fosh qilinib, ta`minotchi korxonaning qayta hisob-kitob dalolatnomasiga ko`ra, korxona manfaatlariga juda ko`p miqdorda zarar etkazilgani, ya`ni tabiiy gazni noqonuniy iste`mol qilganligi ma`lum bo`ldi.
Jamiyat rahbari qilmishini tan olib, etkazilgan 384 mln. so`mlik zararni to`liq qoplab berdi, shuningdek qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka ham tortildi.






