Davlat xizmatlari agentligi tomonidan vakolatli idoralar bilan birgalikda ko`chmas mulk ob`ektlarini Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat ro`yxatidan o`tkazishda yuridik va jismoniy shaxslarning ko`chmas mulk ob`ektiga nisbatan qaysi vakolatli organ tomonidan, qanday asoslarga ko`ra taqiq yoki xatlov qo`yilganligini aniqlash imkoniyati yaratildi. Bu haqda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi ma`lum qildi.
Shu kunga qadar, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ko`chmas mulk ob`ektiga bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazish jarayonida agar ularning ko`chmas mulkiga nisbatan taqiq yoki xatlov qo`yilgan bo`lsa, ular qaysi vakolatli organlar (notarius, majburiy ijro byurosi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va b.) tomonidan taqiq yoki xatlov qo`yilganligini aniqlash imkoniyati yaratilmagan edi. Natijada ularning turli idora va tashkilotlarga birma-bir yozma ariza bilan murojaat qilishlariga majbur bo`lishardi.
Eslatma: amaldagi tartibga ko`ra, taqiq yoki xatlovning mavjudligi ko`chmas mulk ob`ektlariga bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazishni rad qilishga asos bo`ladi.






