Xizmat safari o`zi nima?
Xizmat safari deganda – xodimni tashkilot rahbarining farmoyishi bo`yicha, o`zining doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirig`ini bajarish uchun boshqa joyga, ma`lum bir muddatga yuborilishi (borib kelish) tushuniladi (http://lex.uz/docs/845611).
Xizmat safarining muddati qancha?
Bu tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi. Xizmat safari har bir holat uchun yo`ldagi vaqtni hisobga olmaganda 40 kundan ko`p bo`lmasligi kerak.
Montaj, sozlash va qurilish ishlarini bajarish uchun yuboriladiganda esa 12 oydan ko`p bo`lishi mumkin emas.
Xizmat safari muddati istisno tariqasida tashkilot rahbarining yozma ruxsatnomasiga asosan uzaytirilishi mumkin.
Xizmat safari xarajatlari uchun oldindan pul beriladimi?
Xodimga xizmat safariga ketishdan oldin kundalik, yo`l xarajatlari, turar joyni ijaraga olish xarajatlari chegarasida pul ko`rinishidagi avans (bo`nak) to`lanishi kerak.
Avans etmay qolsa yoki ortib qolsa, nima bo`ladi?
Bunday holda xodim xizmat safaridan qaytgan kundan e`tiboran 3 ish kuni mobaynida avans hisobotini taqdim qiladi. Shunga asosan etmay qolgan pul summasi to`lab beriladi yoki ortgan pul tashkilotga qaytariladi.
Yo`l hujjatlari mavjud bo`lmaganda, yo`l xarajati qay tarzda qoplab beriladi?
Ushbu holatda byudjet tashkiloti xodimlariga har bir kilometr uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)*ning 0,08 foizi (1 km uchun 178,4 so`m ) miqdorida yo`l haqi to`lanadi.
Boshqa tashkilot xodimlariga jamoa shartnomasi yoki mehnat shartnomasida belgilangan miqdorlarda, biroq har bir kilometrga BHMning 0,08 foizidan kam bo`lmagan miqdorda yo`l haqi to`lanadi.
Xizmat safari davomida mehmonxonalarning lyuks-nomerlarida yashasa ham xarajatlar qoplab beriladimi?
Ha. Xodim xizmat safari davomida mehmonxonalarning lyuks-nomerlarida yashasa ham xarajatlar qoplab beriladi. Bunda, byudjet tashkilotlarida to`lovni amalga oshirish, tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda ushbu nomer qiymatining 70 foizigacha miqdori byudjet mablag`lari hisobidan, qolgan qismi esa byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan qoplab beriladi.
Xodimning ijarada turganligini tasdiqlovchi hujjati bo`lmasa, xarajati qoplab beriladimi?
Bunday holatda xodimga har bir sutka uchun BHMning 20 foizi miqdorida (44 600 so`m) pul to`lanadi.
Kundalik xarajatlar uchun qancha miqdorda pul to`lanadi?
Toshkent shahrida, shaharlar — viloyatlar markazlarida BHMning 0,1 koeffisienti (22 300 so`m) miqdorida, boshqa shaharlar va aholi yashaydigan punktlarda esa BHMning 0,08 koeffisienti (17 840 so`m) miqdorida kompensasiya to`lanadi.
Bir viloyat doirasidagi tuman (shahar)larga xizmat safariga yuborilganda ham xarajatlar qoplab beriladimi?
Ha albatta, xodim o`zining doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirig`ini bajarish uchun rahbarining farmoyishi bilan yuborilgan bo`lsa, xarajatlar qoplab berilishi lozim.
Xizmat safariga yuborilgan xodim kasal bo`lib qolsa nima bo`ladi?
Bunday holda xizmat safariga yuborilgan xodimga umumiy asoslarda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to`lanadi.
Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik kunlari xizmat safari muddatiga qo`shilmaydi.
Eslatma: hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori 223 000 so`m.