12 noyabr kuni ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda chegarachilarning fuqarolarga nisbatan jismoniy kuch ishlatayotgani tasvirlangan video keng tarqaldi. DXX Chegara qo`shinlari Farg`ona viloyati Xosilot chegara oldi aholi punktida sodir bo`lgan voqea yuzasidan munosabat bildirdi.
Chegara qo`shinlari vakilining arizasida ta`kidlanishicha, 10 noyabr kuni taxminan soat 17:00 da videoda tasvirlangan Farg`ona tumanidagi Xosilot aholi punktida chegarachilar naryadi ‘O`zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to`g`risida’gi qonunining 39-moddasiga ko`ra, xizmat vazifasini o`tagan.
Ko`rsatilgan vaqtda hududga ‘40 G 014 KA’ davlat raqami o`rnatilgan Nexia-2 mashinasida Umidjon Saidjonov va Abdurasul Fozilov ismli fuqarolar chegarachilarning to`xtash to`g`risidagi buyrug`iga bo`ysunmasdan, katta tezlikda chegara naryadini buzib o`tishga uringan.
Oradan biroz vaqt o`tgach, yuqorida ismi keltirilgan fuqarolar, chegarachilar qarshisida to`xtab, mojaro keltirib chiqarishga uringan, ularni haqorat qilgan va mahalliy aholini to`plab harbiy xizmatchilarning qonuniy talablariga bo`ysunmagan. Bu orqali ular Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 196-1-modda 2-qismini (‘Chegara qo`shinlari harbiy xizmatchilarining qonuniy talablarini bajarmaslik va ularning qonuniy faoliyatiga qarshilik ko`rsatish’) buzgan.
Shundan so`ng, videoda ko`ringanidek, fuqarolar chegarachilar naryadining talablariga bo`ysunmay, noqonuniy harakatlarni bostirish uchun qurol va maxsus vositalardan foydalanishni tartibga soluvchi ‘O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi to`g`risida`gi qonunning 43-moddasi va ‘O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati’ qonunining 44-moddasiga ko`ra, chegara tartibini buzgan fuqarolar Umidjon Saidjonov va Abdurasul Fozilov jismoniy kuch ishlatilgan holda ushlangan.
Qo`lga olingandan keyin ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari, shuningdek, avtoulovni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar yo`qligi ma`lum bo`lgan. Natijada qo`lga olingandan so`ng, ushbu shaxslar tegishli tartibda ko`rib chiqish uchun belgilangan tartibda ichki ishlar organlariga jo`natilgan.
Ta`kidlash kerakki, fuqaro Umidjon Saidjonov bundan oldin bir necha bor chegarachilar tomonidan Davlat chegarasini buzish va turli xil inventarizasiya buyumlarini noqonuniy ravishda olib o`tish holatlari bo`yicha qo`lga olingan. Xususan, 2016 yil 31 oktyabrda Umidjon Saidjonov O`zbekiston hududiga qariyb 8 million so`mlik 3175 dona taqiqlangan volfram lampochkalarini olib o`tishga uringanida ushlangan.
2018 yil 7 yanvar kuni esa xuddi shu hududda Tico avtomashinasi orqali 18 million so`mlik parfyumeriya tovarlarini olib o`tayotganida qo`lga tushgan. Abdurasul Fozilov esa 2019 yil 10 noyabr kuni mazkur hududda Davlat chegarasini buzganligi uchun qo`lga olingan. Barcha holatlarda ham tegishli dalolatnomalar tuzilib, ular Farg`ona viloyati IIBga yuborilgan. Shuni ham ta`kidlash kerakki, ilgari ushbu hududda mahalliy kontrabandachilar qo`rqitish va jinoyat sodir bo`lgan joydan yashirinish maqsadida chegarachilarga bir necha bor bosim o`tkazishga uringan.
Shu kabi bosimlar oqibatida 2010 yilda harbiy xizmatchi N.Egamov, 2012 yilda A.Yunusov, 2013 yilda J.Ashirov Davlat chegarasini qo`riqlash vaqtida halok bo`lgan. Ayni vaqtda DXX Chegara qo`shinlari qo`mondonligi harbiy prokuratura bilan hamkorlikda yuqoridagi fakt bo`yicha xizmat tekshiruvini o`tkazmoqda. Vaziyatga oydinlik kiritilgach, qonun doirasida tegishli choralar ko`riladi.
DXX Chegara qo`shinlari matbuot xizmati






